O‘zi bilan pichoq olib yuruvchi 203 nafar shaxs ushlandi

Toshkent shahri Shayxontohur va Yashnobod tumanlarida so‘nggi paytda sodir bo‘lgan hodisalar tufayli, “Xavfsiz hudud” tadbiri doirasida Toshkent shahar IIBB xodimlari, Milliy gvardiya xizmatchilari hamkorligida o‘zlari bilan bita, kastet, pichoq va boshqa kesuvchi va sanchadigan buyumlarni olib yuradigan shaxslarni aniqlash bo‘yicha profilaktik ishlar olib borilmoqda, deya xabar berdi Toshkent shahar IIBB axborot xizmati.

O‘tkazilgan profilaktik tadbirlar jarayonida uch kun ichida 20 ta metall tayoq, chiviqlar (qulaylik uchun ularning tutqichi izolenta bilan o‘ralgan), professional va qo‘lbola bitalar, kastetlar va boshqa insonga zarar yetkazish uchun qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan buyumlar topildi. Barcha pichoqlar juda yaxshi charxlangan bo‘lib, ularning aksariyati maishiy ehtiyojlarga mo‘ljallanmagan.

Yil boshidan buyon 5 oy ichida jami 4 548 ta pichoqlar va boshqa sanchadigan va kesuvchi buyumlar, 20 tadan oshiq bitalar va 50 dan ziyod kastet va boshqa buyumlar topilgan.

"Hurmatli hamshaharlar va shahrimiz mehmonlari! Yaqinlaringizga tushuntiring: pichoq olib yurish ko‘pincha baxtsiz hodisalarga olib keladi. Arzimas kelishmovchilik vaqtida ham sababsiz shaxslar pichoq, bita, kastet va boshqa buyumlarni ishga solishadi. Oqibatda bir kishi shifoxonaga, ikkinchisi – sudlanuvchilar kursisiga tushadi. O‘ylab ko‘ring, sizga pichoq olib yurishning nima keragi bor? O‘zingizni himoya qilish uchunmi? Kimdan himoya qilish uchun? Axir siz shuncha “qotillik qurollari”ni olib yurib, atrofdagilar uchun xavf tug‘dirmaysizmi?", deyiladi IIBB xabarida.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi “Qurol to‘g‘risida”gi Qonunining 9-modddasiga binoan:

O‘zbekiston Respublikasi hududida kasbiy yoki sport faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan, sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan, sport va xo‘jalik-maishiy maqsadlar uchun mo‘ljallangan ashyolarni (beysbol bitalarini (chillaklarini), softbol o‘yini uchun bitalarni (chillaklarni), pichoqlarni, shu jumladan, terini ajratib oladigan (shilib oladigan) pichoqlarni hamda sopol, plastmassa va boshqa nometall materiallardan yasalgan pichoqlarni jamoat joylarida ochiq (g‘ilofsiz) holda olib yurish taqiqlanadi.