“O‘zimdan boshqa hech kim sezmaydi” qabilida ish tutayotganlar adashmoqda

Bugun mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib, elu yurt farovonligiga hissa qo‘shaman degan g‘ayratli insonlar uchun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Lekin belgilangan tartib-qoidalarni chetlab o‘tib, shaxsiy manfaati yo‘lida qonun talablariga bo‘ysunmasdan, insofli soliq to‘lovchi bo‘lishni zarracha xayoliga keltirmaydiganlar ham uchrab turibdi. Bu toifadagilarning xatti-harakatlari esa davlat soliq xizmati organlari tomonidan o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlari davomida fosh bo‘lmoqda.

Noqonuniy faoliyat yuritishni o‘ziga kasb qilganlar psixologiyasida “Men qilayotgan ishlarni o‘zimdan boshqa hech kim sezmaydi”, degan qarash bo‘lar ekan. Oyni etak bilan yopib bo‘lmaganidek, ularning ham kirdikorlari ochilib qolishi tayin. Samarqand viloyati davlat soliq xizmati organlari tomonidan olib borilayotgan chora-tadbirlar davomida shunday toifadagi noinsof “tadbirkorlar”ning faoliyatiga chek qo‘yilmoqda.

–    Nazorat tadbirlari davomida “S.M.I” oilaviy korxonasining umumiy ovqatlanish shoxobchasida noqonuniy, tegishli tartibda litsenziya olmasdan alkogol mahsulotlarini savdoga qo‘yganligi aniqlandi – deydi Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Shamil Mutalibov. – Natijada umumiy qiymati 8 474000 so‘mlik 7 turdagi 150 litr aroq mahsulotlari vaqtinchalik saqlash uchun olib qo‘yildi. Yakka tartibdagi tadbirkor U.Sh tamaki mahsulotlari savdosi bilan tegishli hujjatsiz shug‘ullangani ma’lum bo‘ldi. Unga tegishli savdo do‘konida mavjud bo‘lgan 11 turdagi jami qiymati 1 66 1500 so‘mlik 167 quti tamaki mahsulotlari olib qo‘yilganini ta’kidlash joiz.

Joriy yil iyul oyining o‘tgan davrida viloyat davlat soliq xizmati organlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida natijasida 14 ta holatda tamaki va 26 ta holatda alkogol mahsulotlari bilan savdo qilish tartiblarini buzilganligi aniqlanib, jami 17 311 000 so‘mlik alkogol va 18 646 000 so‘mlik tamaki mahsulotlari daliliy ashyo sifatida olib qo‘yildi.

Umid Alimov,

Samarqand viloyati davlat

Soliq boshqarmasi matbuot xizmati xodimi.