O‘zini o‘zi band qilgan oilaviy korxonalar aylanmadan soliqning 50 foizini to‘laydi
Prezidentimizning joriy yil 8 iyundagi “Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun qulay sharoit yaratish, koronavirus pandemiyasi davrida daromadidan ayrilgan yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlashda muhim qadam bo‘ldi.
Mazkur hujjat bilan joriy yilning 1 iyulidan boshlab o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni ro‘yxatga olish xabar berish tartibida o‘zini o‘zi band qilgan sifatida ro‘yxatdan o‘tganlikni tasdiqlovchi matritsali shtrix kod (QR-kod) bergan holda maxsus mobil ilova yoxud soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali amalga oshiriladi. Shu tariqa vaqtinchalik mehnat guvohnomalari berish tartibi bekor qilindi. Buning uchun mazkur sanadan boshlab masofadan turib ro‘yxatdan o‘tish uchun Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan “Soliq” mobil ilovasi ishga tushirildi. Bunda ilovani Android operatsion tizimida ishlaydigan smartfon qurilmasiga Play Market orqali yuklab olish zarur.
Ushbu hujjat bilan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar 2020 yil uchun ijtimoiy soliqni o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida haqiqatda ishlagan vaqtidan qat’i nazar, bazaviy hisoblash miqdorining kamida 50 foizi miqdorida (111 500 so‘m) to‘laydi hamda ushbu summa to‘liqligicha byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga yo‘naltiriladi. Bu bilan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun o‘rnatilgan tartibda pensiya hisoblash uchun daromad hajmi aniqlanadi. O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar yollanma ishchilarni jalb qila olmaydi hamda ish beruvchiga ega bo‘la olmaydi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun nazarda tutilgan faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchi, ishtirokchilari soni kamida uch nafar bo‘lgan oilaviy korxonalar aylanmadan soliqni belgilangan miqdordan 50 foizga kamaytirilgan stavkada to‘laydi. Avvalgi tartibga ko‘ra, o‘zini o‘zi band qiladigan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari 25 tani tashkil qilgan bo‘lsa, mazkur qaror bilan ularning soni 67 taga yetdi.
Internet tarmog‘i orqali xizmatlar ko‘rsatuvchi yoki ishlar bajaruvchi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar (frilansing) ham bir qator huquqlarga ega bo‘ldi. Jumladan, ularga ko‘rsatilgan xizmatlar yoki bajarilgan ishlar uchun chet eldagi jismoniy va yuridik shaxslar - norezidentlardan xorijiy valyutadagi to‘lovlarni tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga tegishli ma’lumotlarni kiritmagan holda respublikamiz tijorat banklaridagi hisob raqamlariga qabul qilishi mumkin. Shuningdek, shartnoma tuzmasdan, kelishuv to‘g‘risidagi ommaviy taklifni (oferta) qabul qilish yoki elektron yozishmalar almashish yoxud hisob-kitob fakturalarni (invoys), shu jumladan, elektron shaklda taqdim qilish yo‘li bilan chet ellik jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlar ko‘rsatish (ishlar bajarish) huquqi berildi.
Qarorga ko‘ra, joylashgan joyi (pochta manzili) o‘zgarganda yuridik shaxslar -tadbirkorlik sub’yektlarini davlat tomonidan qayta ro‘yxatdan o‘tkazish katta miqdorlarda soliq qarzdorligi mavjud bo‘lmagan taqdirda xabar berish tartibini qo‘llagan holda bekor qilindi. Yakka tartibdagi tadbirkorlarni davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yish ular davlat ro‘yxatidan o‘tkazilayotganda (qayta ro‘yxatga olinayotganda) tadbirkorlik faoliyatini olib borish joyi bo‘yicha amalga oshiriladi. Yakka tartibdagi tadbirkorning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma unda yakka tartibdagi tadbirkorning fotosurati aks ettirilgan holda beriladi.
Jamshid Narziqulov,
Samarqand viloyat davlat soliq
boshqarmasi bo‘lim katta inspektori.