Pandemiya davrida to‘lanmay qolgan foiz to‘lovlari imkoniyatga qarab, kelgusi oylarning asosiy qarz va foizlariga qisman qo‘shib to‘lanishi kerak
Joriy yil 13 noyabr kuni Zarnews.uz saytida “Samarqandda Milliy bank mijozlaridan 3 kunda kredit qarzdorlikni to‘lash talab kilinayapti. Bank qanchalik haq?” sarlavhasi bilan murojaat e’lon qilindi.
Mazkur murojaat “O‘zmilliybank” AJ Samarqand viloyati filiali amaliyot boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan batafsil o‘rganib chiqildi.
Prezidentimizning 2020 yil 3 apreldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining tavsiyalarini inobatga olib, “O‘zmilliybank” AJ Samarqand viloyati filiali tomonidan bir tomonlama, jismoniy shaxslarga ajratilgan barcha turdagi kreditlar bo‘yicha joriy yilning aprel-iyun oylariga to‘g‘ri keladigan asosiy qarz (shu jumladan, mart oyining to‘lanmay qolgan qismi) to‘lovlari jadvalining qolgan davriga teng ravishda taqsimlangan holda ko‘chirilgan. Foiz to‘lovlari esa berilgan muddat ichida to‘lanishi kerak. To‘lanmay qolgan foiz to‘lovlari uchun penya hisoblanmagan.
Qorasuv massividagi 12-16 qavatli uy-joyda yashovchilarning aksariyati pandemiya davrida 3 oydan 6 oygacha kredit foizlarini yopmagan. Bu esa bankda moliyaviy qiyinchiliklar tug‘ilishiga sabab bo‘lmoqda.
Samarqand shahar Motrit qo‘rg‘oni, Qorasuv massividagi ipoteka krediti asosida ajratilgan xonadon sohiblariga yuborilgan SMS- xabarnomalar 2020 yilning oktyabr va noyabr holatiga muddati o‘tgan qarzdorliklarni so‘ndirish uchun yuborilgan ogohlantirishlar hisoblanadi.
Bank pandemiya davrida to‘lanmagan kredit foizlarini aholiga 3 kun muddat ichida to‘lash majburiyatini yuklamagan. Lekin pandemiya davrida to‘lanmay qolgan foiz to‘lovlarini imkoniyatidan kelib chiqib, kelgusi oylarning asosiy qarz va foizlariga qisman qo‘shib to‘lanishi kerak.
O.TURSUNOV,
“O‘zmilliybank” AJ Samarqand viloyati filiali boshqaruvchisi.