Parijda bo‘lib o‘tgan “sariq nimchalar” namoyishida 200 kishi hibsga olindi

Parij politsiyasi “sariq nimchalar” harakati tomonidan o‘tkazilgan namoyishlarda 200 kishini hibsga oldi. Bu haqda mahalliy politsiya xabar berdi.

“Soat 15:00 (18:00 Toshkent vaqti bilan) holatiga ko‘ra, bo‘lib o‘tgan namoyishlar chog‘ida huquqni muhofaza qilish xodimlari tomonidan 200 kishi hibsga olindi, 35 kishi jarimaga tortildi”, deyilgan Fransiya poytaxti politsiyasining Tvitter sahifasida.

BFMTV telekanali taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, namoyishchilarning 54 nafari qamoqqa olingan.

Dastlab namoyishchilar yoqilg‘i va benzin uchun to‘lanadigan soliqlar qiymatini oshirmaslikni talab qildilar. Bu talabga keyinchalik yana bir qator qo‘shimcha talablar qo‘shildi. “Sariq nimchalar” ishtirokidagi namoyishlar ko‘p hollarda tartibsizliklar va politsiya bilan to‘qnashuvlar bilan yakunlanadi.

“Sariq nimchalar” harakati bundan ikki yil oldin vujudga keldi. 2018 yilning 17 noyabr kuni ular ishtirokidagi birinchi keng ko‘lamli namoyish bo‘lib o‘tgan. Ushbu harakat ishtirokchilari fransuz haydovchilari kiyimi hisoblangan chiroq nurini qaytaruvchi sariq nimchalar kiyishadi.