Parijda O‘zbekistonning tarixiy buyumlari ko‘rgazmasi ochiladi
Dunyoning eng mashhur muzeylaridan biri bo‘lmish, Fransiya poytaxti Parij shahridagi Luvr muzeyida 2021 yilda O‘zbekistonning tarixiy buyumlari haqidagi eng katta ko‘rgazma bo‘lib o‘tadi.
Ushbu ko‘rgazmani tashkillashtirish ishi bilan bugun muzey xodimlari, O‘zbekiston madaniyat vazirligi qoshidagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish fondi, O‘zbekiston Respublikasining Fransiyadagi elchixonasi shug‘ullanmoqda.
Ko‘rgazmaga tayyorgarlik jarayonida Fransiyada ko‘rgazma ilmiy-tashkiliy qo‘mitasi, Luvr muzeyi xodimlari, o‘zbek san’atshunoslari, shuningdek Rossiyaning Ermitaj va Sharqshunoslik muzeyi xodimlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi va unda ko‘rgazmani tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
“Luvrda tashkil etilayotgan ushbu ko‘rgazma O‘zbekistonning tarixiy va madaniy ob’yektlarini dunyoga yanada yaqinroq tanitishda muhim rol o‘ynaydi", - deydi Rossiya Sharqshunoslik muzeyi xodimi Tigran Mkrtichev.
Ko‘rgazma ilmiy-tashkiliy qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi 2020 yilda Toshkentda bo‘lib o‘tadi.
Luvr muzeyi Parijning eng diqqatga sazovor maskanlaridan biri hisoblanadi. Unda san’at va madaniyatga oid 400 mingdan ziyod eksponat saqlanadi.
Muzeyga har yili 10 million atrofida sayyoh tashrif buyuradi.
Luvr muzeyi bilan hamkorlik memorandumi o‘tgan yil O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifi paytida imzolangan edi.