Parijdagi ko‘rgazmada mamlakatimiz liboslari guldastasi namoyish etilmoqda: Unda Samarqand an’anaviy liboslari ham bor

Parijdagi Arab dunyosi institutida Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan «Samarqandga yo‘l. Ipak va oltin mo‘’jizalari» ko‘rgazmasida Buxoro, Samarqand, Xorazm, Toshkent va Farg‘ona vodiysi shaharlaridan 24 dona an’anaviy ust kiyimlardan iborat o‘xshashda tengi yo‘q liboslar guldastasi namoyish etilmoqda.

XIX-XX asr boshlarida Markaziy Osiyoning aksariyat shaharlarida ipak, nimshoyi, kimxob va paxta abr gazlamalari ishlab chiqarilgan. O‘sha kezlari O‘zbekistonda dunyoda ikat nomi bilan dong taratgan abrishim matolarini badiiy tasvirlarda bo‘yab, jilva tus berish katta avj bilan rivojlangan.

Hozirda ipak sanoati Marg‘ilonda keng quloch yozib taraqqiy etgan bo‘lib, zamon bilan hamnafas hunarmandlar avlodlardan-avlodlarga o‘tib kelayotgan qadimiy an’ana va uslublar asosida gazmol tikadilar. Bularning barcha tarovatu jilosidan ko‘rgazmaning o‘zida 2023 yilning 4 iyuniga qadar bahra olish mumkin.