Parranda go‘shti yetishtirishda Samarqand respublikada yetakchi

Shu yil sentyabr oyida Prezidentimiz rahbarligida o‘tgan yig‘ilishda aholini parranda go‘shti, tuxum, baliq, guruch mahsulotlari bilan ta’minlash masalasi muhokama qilindi. Yig‘ilishda Samarqandda parranda go‘shti tayyorlash 22 ming tonnadan 100 ming tonnaga yetkazilgani e’tirof etilgandi.

Savol tug‘ilishi mumkin - sohada samaradorlik shu yo‘sinda ushlab turiladimi, orqaga ketish kuzatilmaydimi?

- Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar va olib borilayotgan sa’y-harakatlar bu ko‘rsatkichni yanada oshirishga qaratilgan, - deydi viloyat hududiy "Chorvanasl" markazi direktori o‘rinbosari Odilxon Baqoyev. - Yil davomida 27 ta loyiha asosida 1 million 786 ming bosh parranda parvarishlash va 504 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Bugungi kungacha 25 ta loyiha ishga tushirilib, 1 million 510 ming bosh parranda parvarishi uchun 410 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etildi.

Misol uchun, “Qo‘shrabot Lomann parranda” fermer xo‘jaligida qiymati 75,5 milliard so‘mlik 45 ta inkubatsiya sexida 800 ming bosh tuxum yo‘nalishidagi tovuq hamda yillik 12 million bosh naslli jo‘ja yetishtirish kompleksi tashkil etildi.

Ayni vaqtda Samarqandda parrandachilik yo‘nalishida 206 ta fermer xo‘jaligi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda mavjud parrandalar 12 million 124 ming boshni yoki o‘tgan yilning uchinchi chorak holatiga nisbatan 101,8 foizni tashkil qiladi. Muhimi, shu paytgacha 971 million 155 ming dona tuxum ishlab chiqarilgan.