Parrandachilik klasteri tashkil etiladi. Mahsulot eksportga chiqariladi

Shuningdek, sohaga investitsiya jalb etish orqali parranda mahsulotlari va chiqindilarini chuqur qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymatli parranda mahsulotlarini ishlab chiqarish, ilmiy-diagnostika laboratoriyalari tashkil qilish orqali parrandalarda kasalliklar erta aniqlanib, oldi olinadi. Ozuqa bazasini kengaytirish, import o‘rnini bosuvchi ozuqa va vitaminlarni ishlab chiqarish, parrandachilik sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish joriy etiladi. 2019 yildan boshlab har yili sentyabr oyida parrandachilikka oid ko‘rgazma o‘tkaziladi.

Mazkur qarorning ijrosini ta’minlash va viloyatda parrandachilikni yanada rivojlantirish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, sohaga ilg‘or texnologiya va innovatsion ishlanmalarni joriy etish, parranda mahsulotlarini qayta ishlashni chuqurlashtirish, ularning turlari va eksport ko‘lamini kengaytirish maqsadida 2018 yil 17 noyabrda viloyat hokimining ham qarori qabul qilindi.

Hozirda viloyatimizda qariyb 11 million bosh parranda boqilayotgan bo‘lsa, ulardan 1 million 400 mingdan ortiq tuxum (114,3 ming dona naslli tuxum) 25 ming tonna parranda go‘shti olinadi, – deydi viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasi bosh mutaxassisi Shahboz Rahmatov. – Qaror asosida 2019 yil 1 fevralgacha salohiyatli tadbirkorlarni moliyalashtirish manbalari va yer maydonlarini aniqlab, 2019-2021 yillarda parrandachilik klasterlarini tashkil etish loyihasi ishlab chiqilmoqda. Loyihaga ko‘ra, Samarqand tumanida rejalashtirilgan parrandachilik klasterida 4 ta parranda so‘yish sexi, 2 tadan go‘sht mahsulotlari va parranda chiqindilarini qayta ishlash hamda parranda uchun to‘la qiymatli omuxta yem ishlab chiqarish korxonalari tashkil etiladi. Ularning ozuqaga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida viloyatning 14 tumanida bug‘doy va makkajo‘xori yetishtirish uchun jami 26 ming 108 gektar yer maydoni ajratiladi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 9 tumandan 6058 ming dollarlik mahsulot eksportga chiqariladi. Shuningdek, dastur asosida 2019 yil yakuniga qadar viloyatda 11 ta loyiha doirasida parranda sonini 1 million 309 ming boshga ko‘paytirish  rejalashtirilgan.