Partiya tashabbusi bilan “Samarqand yoshlar forumi - 2021” o‘tkazildi

Xalq demokratik partiyasi viloyat Kengashi tashabbusi bilan viloyat hokimligi, Samarqand davlat chet tillar instituti, Samarqand davlat universiteti, O‘zbekiston Talabalar assosatsiyasi, Samarqand yosh ijodkorlar uyushmasi bilan hamkorlikda “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida navbatdagi forum o‘tkazildi.

Forum ochilish marosimida so‘zga chiqqan XDP viloyat Kengashi raisi Badriddin Nasriyev bu kabi respublika yoshlarini qamrab olgan tadbirlar yigit-qizlarning dunyoqarashi va fikrlash doirasini yanada kengaytirish, barkamol shaxs bo‘lib, jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishlari hamda o‘zlari qiziqqan sohaning yetuk mutaxassisi bo‘lishlariga, shuningdek, ularning jamiyat ijtimoiy hayotidagi faol ishtirokini ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tdi.

“Bir maqsadda birlashaylik!” shiori ostida tashkil etilgan forumda “volontyorlik”, “proyekt-menejment” yo‘nalishlari bo‘yicha yoshlar o‘rtasida seminar-treninglar tashkil qilindi.

Yoshlarni innovatsiyaga qiziqtirish, yangi loyihalar yaratish, loyiha va g‘oyalarini nafaqat yurtimizda, balki xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga qaratilgan malakali spikerlar ishtirokidagi seminar-treninglar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Forum doirasida yoshlar o‘z ijod namunalari bilan “Uyg‘onish” loyihasida bellashish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Davra suhbatida taniqli ijodkor Jumagul Suvonova mahorat sirlari haqida suhbatlashdi.

“Samarqand yoshlar forumi - 2021”ning ikkinchi kunida ishtirokchilar tarixiy qadamjolar va muzeylarga sayohat qildi.

Yakunda tashabbuskorligi, innovatsion g‘oya va takliflari bilan faol ishtirok etgan yoshlar XDP viloyat Kengashining esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

- Faol yoshlarni birlashtirish, ular o‘rtasida do‘stlik munosabatlarini mustahkamlash, yangi do‘stlar orttirish, ijtimoiy va siyosiy hayotda faolligini oshirish, yetuk bilimga ega, yuksak marralarga erisha oladigan yigit-qizlar safini kengaytirish maqsadida tashkil etilgan forum bir umr esda qolarli lahzalarni taqdim etdi, - dedi ishtirokchilar. – Muhimi, tadbir lider yoshlarni kashf qilishda muhim rol o‘ynaydi.

O‘zXDP viloyat kengashi axborot xizmati.