Past darg‘omda 64 oila mutasaddilar beparvoligidan aziyat chekmoqda

Dastlab barcha sharoitlar, xususan, bekamu ko‘st kommunal xizmatlardan umidvor bo‘lib ko‘chib o‘tganlarning bir necha oyda hafsalasi pir bo‘ldi.
– Avvalo, kanalizatsiya muammosi yuzaga chiqdi, – deydi "Yoshlar uyi"da yashovchi S.Majidova. – Loyiha qanday tayyorlangan, uni kim tasdiqlagan va qabul qilgan, bilmaymiz, ammo bir necha oyda kanalizatsiya qudug‘i to‘lib qolgach, nima qilishni bilmay qoldik. O‘tgan yil yozda tuman hokimi mahallamizda sayyor qabul o‘tkazgach, barchamiz shu muammoni aytdik. "Ertaga bu muammo hal bo‘ladi", deyishganida xursand bo‘lgandik. Ammo biz haliyam shu kunni kutib turibmiz. Ayniqsa, yoz kunlarida badbo‘y hidga chidab bo‘lmaydi. Bu quduq shundoqqina uyning orqa tomonida bo‘lgani uchun kechqurun derazalarni ham ocholmaymiz, chivinlar chaqib, infeksiya tarqalishidan qo‘rqamiz.
Yana bir achinarli holat – antisanitar holatda turgan kanalizatsiya qudug‘i yonginasida tug‘ruqxona va uning ikkinchi qavatida poliklinika ham bor. Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazining bu tomonlarga "ishi tushmagani" yana ham qiziq.
2016 yil 28 noyabrda yosh oilalar yordam so‘rab, tuman hokimligiga yana murojaat qilishadi. Tuman obodonlashtirish boshqarmasidan kelgan javob xati mazmuni quyidagicha:
"…Obodonlashtirish boshqarmasida suyuq chiqindini olib chiqish uchun maxsus mashina mavjud emas. Suyuq chiqindilarni olib chiqish uchun tuman paxta tozalash zavodi va tuman o‘simliklarni himoya qilish birlashmasiga murojaat qilishingiz mumkin".
Xullas, tumanda muammoga jiddiy qiziqadigan ham, unga yechim topib beradigan ham topilmadi. Aholi bir necha marta pul yig‘ib, oqovani chiqartirdi ham, ammo ikki kun o‘tib, yana shu ahvol. Hatto kanalizatsiya qudug‘i yonidan hashar yo‘li bilan qazilgan o‘ra ham yordam bermadi. Nihoyat joriy yil fevralida yana tuman hokimi S.Ergashevga yozma murojaat qilishdi. Afsuski, "Yoshlar uyi"ga na javob xati keldi va na xabar olishga biror mas’ul inson. Bu muammo bir necha marta matbuotda e’lon qilinganda ham tegishli tashkilotlar "bir qimirlab" qo‘ygani yo‘q.
Bu uylardagi suv muammosining taqdiri ham ana shunday.
– O‘z nomi bilan "Yoshlar uyi". Barcha yosh oila, hammaning qo‘lida chaqalog‘i bor, – deydi M.Meliyeva. – Ba’zan kuniga ikki mahal suv keladi, ko‘pincha oylab ichimlik suvidan darak yo‘q. Shu yil aprel oyining yarmidan boshlab iyun oyi o‘rtasigacha bir oy shunday bo‘ldi. Uyimizdagi barcha xonadondagilar bir qo‘lida chaqaloq bilan chelakda suv tashib kelib, tepaga olib chiqdi. Yana deng, 200 metr naridagi eski suv inshootining teshilgan quvuridan. Xuddi kanalizatsiya muammosi kabi ichimlik suv bo‘yicha ham ko‘p joyga murojaat qildik. Ammo dardimizni eshitadigan bor-u, his qiladigan odam yo‘q.
Yana bir gap. Shuncha muammo yetmaganiday, "Yoshlar uyi" ro‘parasida kattalar uchun xususiy mini-futbol stadioni faoliyat ko‘rsatadi. Turli mahallalardan keluvchilar uchun tonggacha o‘yin tashkil etiladi. Aholining aytishicha, shundoqqina deraza ro‘parasidagi maydondan kelayotgan qiyqirig‘u haqoratlardan bolalar orom ololmay chiqadi. Yashash uylari oldida bunday maydon qurilishiga ruxsat berish qonuniymi, yo‘qmi, tundan tonggacha ko‘p qavatli uylar oldida o‘yin tashkil etish mumkinmi? Aholining bu savollariga ham tegishli tashkilotlar hali javob bergani yo‘q.
Ehtimol, uylar yangi bo‘lgani uchundir, "hali xizmat ko‘rsatishga ehtiyoj yo‘q" degan ma’noda bo‘lsa kerak, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati ham tashkil etilmagan. Hokimlik, obodonlashtirish boshqarmasi va boshqa idoralarning munosabatini ham ko‘rdik. Endi ayting-chi, 64 ta xonadon dardini kim eshitadi? "Yoshlar uyi" egasizmi? Bu uyda yashovchilar pastdarg‘omlik emasmi? Tuman hokimligi, mutasaddi idoralar nega ularga befarq? Yoshlar ittifoqi tuman kengashi-chi? "Kamolot" uyi sifatida bunyod etilib, yoshlarga berilgan uy va unda yashovchilar ularga begonami?
Anvar MUSTAFOQULOV.