Past Darg‘om tumanida Foton avtomobillari yig‘iladi
Past Darg‘om tumanining Balxiyon mahallasida avtosanoat sohasida yangi loyiha ishga tushirilishi arafasida. “Central Asia automative factor” MChJ tomonidan tashkil etilayotgan qo‘shma korxonada Foton brendi ostida pikaplar, yuk avtomobillari va mikroavtobuslar yig‘ish rejalashtirilgan.
Loyihaning umumiy qiymati 5 million dollarni tashkil etadi. Shundan 2 million dollari xorijiy investitsiyalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Dastlabki bosqichda korxonada 50 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Qurilish ishlarining borishi bilan yaqinda tuman hokimi J. Pardayev tanishdi. U tadbirkor tomonidan bildirilgan taklif va muammolarni o‘rganib, loyihani samarali amalga oshirish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.
Mazkur yo‘nalishga qiziqish bejiz emas. O‘zbekistonda avtomobilsozlik sanoati jadal rivojlanayotgan tarmoqlardan biri bo‘lib qolmoqda. Yirik ishlab chiqaruvchilar bilan bir qatorda xususiy loyihalar va xorijiy brendlarni mahalliylashtirish tashabbuslarining ahamiyati ham ortib bormoqda.
Foton brendi asosan tijorat transporti — yuk mashinalari, pikaplar, furgonlar, mikroavtobuslar va avtobuslar ishlab chiqarishi bilan tanilgan. Shu bois Pastdarg‘omda ushbu texnikalarni yig‘ish yo‘lga qo‘yilishi nafaqat tumanning yangi sanoat ob’yektiga, balki mamlakatda tijorat transporti bozorini rivojlantirishga ham xizmat qilishi mumkin.