Past Darg‘omda mahalla raisi 14 tup chinor daraxtini kesdi. Viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bundan xabardormi?

Tahririyatimizga kelgan shikoyat bo‘yicha Past Darg‘om tumanidagi Torariq mahallasida bo‘lib, “Arab qishloq” qabristonida amalga oshirilgan qurilish-ta’mirlash ishlari bilan tanishdik. Negaki, shikoyat muallifi – A.Usmonov atrofini devor qilishda ajratilgan pullar talon-taroj bo‘lganini aytgan edi.
Quruvchini rejadagi ishni ortig‘i bilan bajarishga kim majbur qildi?
– 2018 yilda mahalliy byudjet hisobidan Past Darg‘om tumanidagi 9 ta qabristonga 367 million 231 ming so‘m ajratildi, – deydi tuman obodonlashtirish bo‘limi texnik-nazoratchisi Bobur Fayzullayev. – Shundan 31 million so‘mi “Arab qishloq” qabristoni atrofini 110 metr devor bilan o‘rash uchun belgilangan edi. Qurilish ishlari “Past Darg‘om mukammal qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirildi. Devor qurilishi homiylardan tushgan 34 million so‘m mablag‘ evaziga 12 metr ortig‘i bilan bajarildi.
Bizga taqdim qilingan hujjatlardagi ma’lumotda ham qabristonga ajratilgan mablag‘ to‘liq sarflangani ko‘rsatilgan. Qolaversa, qurilish uchun ishlatilgan mahsulotlar raqamlarda o‘z isbotini topdi.
Qurilish korxonasi rahbari E.Rajabov ham qabriston uchun ehson qilingan mablag‘ evaziga devorning belgilanganidan ortiq uzunlikda qurilganini ta’kidladi.
Qarangki, murojaatchi aynan shu mablag‘da o‘g‘irliklar bo‘layotgani, bu ketishda qabriston qurilishi nihoyasiga yetmay qolishi mumkinligidan xavotirda ekan. Ammo vajlar o‘z tasdig‘ini topmagan. Shu yerda boshqa muammoga duch keldik.
Mahalla raisi o‘z xohishi bilan chinor daraxtlarini kesishi mumkinmi?
“Arab qishloq” qabristonidagi holatni o‘rganar ekanmiz, 14 tup ulkan chinor daraxtining kesilib, o‘rniga yangi navdalar pattalab chiqa boshlagani e’tiborimizni tortdi. Qabriston qorovuliga yuzlanganimizda u chinorlar 2018 yilning bahor oylarida mahalla raisi boshchiligida kesilganini aytdi.
Ochig‘i, chinorlarning nima maqsadda kesilgani kishini o‘ylantiradi. Negaki, mazkur noyob daraxtlar qabristonning qurilish ishlari olib borilgan joyidan ancha uzoqda.
– Chinorlar eskirib, chiriy boshlagani sababli ularni kesdik, – deydi mahalla raisi To‘lqin Bashirov. – Bu bo‘yicha tegishli tashkilotlarga murojaat qilib, ulardan ruxsat olish xayolimizga kelmapti. Ammo chinorlarni qancha summaga sotganimiz aniq va bu haqda mahalla faollari imzosi bilan dalolatnoma tuzganmiz. Undan tushgan 6 millionga yaqin (Aniq narxi yo‘q va qanchaga sotilgani dalolatnoma (09.04.2018)ga kiritilmagan) mablag‘ evaziga qabristonga kirish yo‘lini ta’mirlashni rejalashtirganmiz.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Nahotki, 2016 yildan buyon mahalla raisi bo‘lib ishlayotgan odam daraxt kesish uchun ruxsat olish kerakligini bilmasa? U nima maqsadda dalolatnomaga chinor sotilgan summani KIRITMADI? Qabriston qorovuli A.Eshonqulovning aytishicha, kesilgan daraxtlar 6 million 500 ming so‘mga sotilgan. Qolaversa, yangidan ko‘tarilgan devor o‘rnidagi temir panjaralar ham yo‘q.
T.Bashirov ularning qirq foizi qabristonning boshqa tomonlariga ishlatilganini va qolgan qismi 3 million 150 ming so‘mga sotilganini aytdi. Biroq mahalla raisining qo‘lida ularni o‘zi aytgan summaga sotganini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rmadik. U bizga faqatgina chiqim daftarini va qabriston ortidan kelgan daromad nima uchun ishlatilganini ko‘rsatib berdi, xolos.
– Barcha korxona, tashkilot va fuqarolar daraxtlarni kesish uchun eng avvalo, davlat xizmatlari markaziga ariza bilan murojaat qilishi kerak, – deydi viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining nazorat sohasi inspeksiyasi boshlig‘i Shavkat Ernazarov. – Arizaga asosan, Davlat xizmatlari markazi tuman (shahar) hokimiyati hamda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasiga ushbu arizani elektron tarzda yo‘llaydi. Shundan so‘ng ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining inspektorlari tomonidan daraxtlarning yaroqsiz, chirigan va boshqa holatlari joyida o‘rganilib, xulosa beriladi. Xulosaga asoslanib, mahalliy hokimiyat tomonidan daraxt kesish uchun ruxsat beriladi yoki rad etiladi. Agar daraxt o‘zboshimchalik bilan kesiladigan bo‘lsa, uning o‘lchamiga qarab, fuqarodan zarar undiriladi. Daraxt kesgan shaxs ko‘rsatilgan to‘lovdan bosh tortadigan bo‘lsa, u bilan sud va prokuratura organlari ish olib boradi.
Qabristondan daromad olayotgan Donayev qayerda?
Yana bir holat. Shu mahallada yashovchi Zokir Donayev qabristonning 15 sotix yeridan 8 yildan buyon foydalanib kelar ekan. U qabriston yerini bo‘shatib berish bo‘yicha mahalla mas’ullari va tegishli tashkilotlar tomonidan bir necha bor ogohlantirilsa-da, o‘z bilganidan qolmayapti.
– Uni qabriston yerini bo‘shatib berish bo‘yicha o‘n martalab ogohlantirdik, – deydi tuman obodonlashtirish bo‘limi qabristonlar nazoratchisi Valijon Qarshiyev. – Ammo u yerni qaytarishni istamayapti. Endi qonun doirasida chora ko‘rishni rejalashtiryapmiz.
Z.Donayev qabristondagi u foydalanayotgan yer yana muhokama bo‘layotganini eshitib g‘oyib bo‘ldi, shekilli, uni uyidan ham, mahallaning boshqa joyidan ham topishning imkoni bo‘lmadi.
Mahalla raisining faoliyatini 7-8 soatgina shu mahallada bo‘lib, o‘rganib, to‘g‘ri xulosa chiqarib bo‘lmaydi, albatta. Shu bois mahallada yashovchi bir nechta faxriylar suhbatida bo‘ldik. Ulardan biri mahalla raisi ishlarini e’tirof etib, yuqori baholasa, boshqasi esa bu fikrlarning teskarisini aytdi.
Maqolada ko‘rsatilgan muammo va kamchiliklar bo‘yicha esa mutasaddi tashkilotlar javobini kutib qolamiz.
Abdujabbor PO‘LATOV,
Baxtiyor MUSTANOV (foto).