Mas’uliyatsiz mas’ullar vazifasiga noloyiq deb topildi
Bugun, 11 iyul kuni Samarqand viloyati hokimligida madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishda qonun talablariga rioya etish, ko‘p yillik daraxtlarni asrab-avaylash borasida olib borilayotgan ishlar atroflicha muhokama etildi.
Viloyat hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, muhokamada viloyat hokimligi, viloyat prokuraturasi, sohaga mas’ul korxona va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.
Viloyat hokimi E.Turdimov madaniy meros ob’yektlarida olib borilayotgan restavratsiya jarayonida hududni obodonlashtirish, chinor, tol kabi ko‘p yillik daraxtlarni asrash hamda shahrimizga tashrif buyurayotgan mehmonlar va turistlarga zarur shart-sharoit yaratish borasida yo‘l qo‘yilayotgan xato-kamchiliklarni tanqid qildi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahrida “Park-ozero” nomi bilan yuritiladigan dam olish maskanida “Aleksandr” mehmonxonasi ma’muriyati va ular jalb qilgan quruvchilar tomonidan ko‘p yillik chinorning hech qanday ruxsatsiz kesilishi atroflicha muhokama qilindi.
Muhokama davomida viloyat prokuraturasi tomonidan uch kun muddatda mazkur holat atroflicha o‘rganib chiqilishi, aybdorlarga nisbatan qonuniy jazo choralari ko‘rilishi va jamoatchilikka bildirilishi ma’lum qilindi.
Samarqand viloyati hokimligi kotibiyat mudiri Ulug‘bek Obloqulov hamda viloyat ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi xodimi Alisher Muhammadiyevlarni ma’muriy javobgarlikka tortish to‘g‘risida ma’muriy sudga murojaat qilinishi belgilandi.
Atrof muhitni muhofaza qilish sohasida va tizim boshqaruvida qo‘pol xatoliklarga yo‘l qo‘yganligi uchun viloyat ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i G‘olib Negmatov egallab turgan vazifasiga noloyiq ekanligi qayd etildi. Xuddi shunday Registon ansamblini ta’mirlash va undan foydalanish mustaqil direksiyasi direktori Behruz Ma’rufi ham Registon majmuasini ta’mirlash uchun hech kim bilan kelishmasdan, mardikor jalb qilgani, ishdagi mas’uliyatsizligi uchun vazifasiga noloyiq ekanligi ta’kidlanib, ularni egallab turgan lavozimidan bo‘shatish to‘g‘risida yuqori turuvchi idoralarga taqdimnoma kiritildi.
Shuningdek, o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarishda sansolarlikka yo‘l qo‘yganligi, o‘z ishiga mas’uliyatsizlik bilan yondashganligi uchun Bibixonim majmuasi rahbari Gulbahor Oqilova tegishli kengashdan ruxsatnoma olmasdan Bibixonim majmuasida zamonaviy liksan o‘rnatganligi (bugungi kunda liksan olib tashlanib, eski holatiga qaytarildi) uchun rasman ogohlantirildi hamda viloyat muzeylar boshqarmasi boshlig‘ining xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Xoliqul Rajabovga “xayfsan” intizomiy chora qo‘llanildi.
Muhokama yakunida mazkur yo‘nalishda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilishi kechirilmasligi, qat’iy jazo choralari ko‘rilishi qayd etildi.