Pastdarg‘omlik faxriy jurnalist Barot O‘tayev vafot etdi

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi, sermahsul ijodkor Barot O‘tayev 1947 yilda Past Darg‘om tumanida tug‘ilgan.

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetini bitirib, mehnat faoliyatini o‘rta maktabda o‘qituvchilikdan boshlagan va sobiq tuman komsomol kommiteti, rayon partiya kommiteti hamda xalq deputatlari rayon soveti ijroiya kommitetida turli vazifalarda faoliyat ko‘rsatgan.

Xalq deputatlari Past Darg‘om tumani Kengashi deputati bo‘lgan. 44 yillik jurnalistik faoliyati davomida sobiq “Bolshevik”, hozirgi “Past Darg‘om haqiqati”, viloyat xalq ta’limi boshqarmasining “Ma’rifat nuri” gazetalari hamda boshqarma tasarrufida bo‘lgan “Ziyokor” jurnalida bosh muharrir lavozimlarida faoliyat olib borgan.

“Muqaddas dargoh”, “Ulg‘ayish yillari”, “Yaxshilar haqida so‘z” nomli kitoblar muallifi. O‘nga yaqin badiiy, publitsistik to‘plamlarga muharrirlik qilib, yuzlab shogirdlar ustozlik qilgan. “Ijod ko‘ngil taskini”, “Zarafshon mavjlari”, “Samarqand ijodkorlari”, “Diydor qasri” nomli kitoblarda Barot O‘tayev ijodidan namunalar berilgan.

Barot O‘tayevning porloq xotirasi qalbimizda uzoq yashaydi.

"Zarafshon" va "Samarkandskiy vestnik" gazetalari tahririyati va Zarnews.uz sayti jamoasi Barot O‘tayevning vafoti munosabati bilan oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik izhor etadi.