Patronaj hamshira uyingizga qachon kelishi kerak?

Yangi tug‘ilgan chaqaloq patronaji bola umrining birinchi oyida umumiy amaliyot shifokori hamda hamshira tomonidan olib boriladi. Shifokor ona va bola tug‘ruqxonadan chiqqandan keyin dastlabki 3 kun ichida, keyinchalik 21 va 28-kunlari chaqaloqni ko‘rikdan o‘tkazadi. Patronaj hamshira chaqaloq hayotining 30-kunigacha har hafta bolani uyiga borib, tekshirib turadi. Chaqaloq bir oylik bo‘lgach, ona va bola poliklinikaga shifokor ko‘rigiga taklif etiladi. 

Har bir umumiy amaliyot shifokori o‘z hududida yashovchi aholi to‘g‘risida ma’lumotlar bazasini shakllantirib, "oila pasporti"ga qayd etadi. To‘plangan ma’lumotlar asosida shifokor o‘zining yillik "Patronaj va profilaktik ko‘riklar rejasi"ni tuzadi.

Bunda o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz qariya, nogiron shaxslar, bir yoshgacha bolalar, nogiron bolalar, homilador ayollar patronaji  – bir oyga bir marta, yangi tuqqan ayollar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlar patronaji – tug‘ruqdan keyingi 452 kun davomida 36 marta, emlashdan keyingi nazorat – emlangan kundan so‘ng uch kun davomida, xonadonlarning tibbiy-ijtimoiy holatini o‘rganish – yiliga ikki marta amalga oshirilishi kerak. 
Umuman, har bir patronaj hamshira o‘z hududida kimlar yashayapti, ularning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli haqida to‘liq xabardor bo‘lishi kerak.


Inoyat ARQAYeV,
Qo‘shrabot tumanidagi
"Qovunchi" qishloq oilaviy poliklinikasi mudiri,
Ne’matilla QARShIYeV,
tuman tez tibbiy yordam bo‘limi shifokori.