Paxta narxini birja belgilaydi
2023 yil 12 dekabrda Prezidentimiz «Qishloq xo‘jaligida erkin bozor munosabatlarini yanada rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida» farmon qabul qildi. Unga ko‘ra, fyermer va klasterlar uchun yana qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?
Farmonga ko‘ra, 2024 yil hosilidan boshlab, paxta xomashyosini yetishtiruvchi xo‘jaliklar va klasterlar o‘rtasida paxta xomashyoni yetkazib berish bo‘yicha fyuchers shartnomalari tuproq hosildorligi normativlari doirasida O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasining «paxta xomashyosi seksiyasi»da har bir hudud bo‘yicha alohida o‘tkaziladigan savdolar natijalariga ko‘ra tuziladi.
Fyuchers shartnomasi - yetishtiruvchi va klaster o‘rtasida hosil terimi davrida xomashyoni yetkazib berish sharti bilan ikki tomonlama tuzilgan hamda «O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birja» aksiyadorlik jamiyatining alohida «paxta xomashyosi seksiyasi» orqali ro‘yxatdan o‘tgan shartnoma. Unga muvofiq, yetkazib berilishi lozim bo‘lgan hajmdan ortiqcha yetishtirilgan, shuningdek, klaster bilan fyuchers shartnomasi tuzmagan holda, o‘z mablag‘lari, shu jumladan, jalb qilingan mablag‘lari va tijorat kreditlari hisobiga yetishtirilgan paxta xomashyosi yetishtiruvchilar tomonidan birja orqali tadbirkorlik sub’yektlariga sotiladi yoki qayta ishlanadi. Ya’ni, fyuchers shartnomasi bo‘yicha ortiqcha yetishtirilgan paxta xomashyosi fyuchers shartnomasi tuzilgan klasterga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotilishi mumkin. Paxta xomashyosini qayta ishlashdan olingan paxta tolasi va ikkilamchi mahsulotlar (chigit, lint va o‘lik paxta) to‘liq hajmda birja orqali sotiladi (bu yetishtiruvchilar tomonidan sotiladigan urug‘lik paxta xomashyosi uchun tatbiq etilmaydi).
Fermer xo‘jaligi o‘z majburiyatlari bo‘yicha, shu jumladan, yer ijarasi, fyuchers va kredit shartnomalarida nazarda tutilgan majburiyatlari bo‘yicha o‘z mol-mulki bilan javob beradi. Bunda, fermer xo‘jaligining boshlig‘iga fermer xo‘jaligining mol-mulki yetarli bo‘lmagan taqdirda fermer xo‘jaligining majburiyatlari bo‘yicha o‘ziga qarashli mol-mulk bilan qonunchilikka muvofiq subsidiar javobgarlik belgilangan.
Shu munosabat bilan respublika shtabiga paxta xomashyosini yetishtirish, saqlash, realizatsiya qilish va paxta xomashyosi yetishtirilishini moliyalashtirish ustidan nazorat mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
paxta xomashyosi, paxta tolasi va ikkilamchi mahsulotlar (chigit, lint va o‘lik paxta)ni birja savdolariga chiqarish ishlarini tashkil etish;
paxta xomashyosi, paxta tolasi va ikkilamchi mahsulotlar (chigit, lint va o‘lik paxta)ni birja savdolariga chiqarish hamda to‘lovlarning amalga oshirilishi ustidan kunlik nazorat o‘rnatish;
paxta xomashyosi, paxta tolasi va ikkilamchi mahsulotlar (chigit, lint va o‘lik paxta)ni sotib olish va sotish bo‘yicha yangi tizimning shaffofligini, to‘laqonli va adolatli ishlab ketishini hamda paxta xomashyosini yetishtiruvchilar manfaatdorligini ta’minlash yuklatilgan.
Shuningdek, 2024 yil hosilidan paxta xomashyosini yetishtirish, paxta yig‘im-terimi va xaridini qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga kredit resurslari hisobidan moliyalashtirish tartibi joriy etilgan:
a) fyuchers shartnomasi tuzgan yetishtiruvchi va urug‘chilik sub’yektlariga har yili 1 oktyabrdan paxta xomashyosi yetishtirish uchun - paxta xomashyosi qiymatining 60 foizigacha yillik 10 foizda (shundan, bank marjasi 2 foiz) 14 oyga, shu jumladan, 12 oylik imtiyozli davr bilan kredit ajratiladi;
b) klasterlarga paxta xomashyosi xaridi bo‘yicha yakuniy hisob-kitob uchun paxta xomashyosi qiymatining 80 foizigacha yillik 10 foizda (shundan, bank marjasi 2 foiz) 10 oyga, shu jumladan, 6 oylik imtiyozli davr va oxirgi 4 oy davomida teng ulushlarda qaytarish sharti bilan;
ijara huquqi mavjud bo‘lgan yer uchastkasida paxta xomashyosi yetishtirish uchun - paxta xomashyosi qiymatining 60 foizigacha yillik 10 foizda (shundan, bank marjasi 2 foiz) 24 oyga, shu jumladan, 18 oylik imtiyozli davr va oxirgi 6 oy davomida teng ulushlarda qaytarish sharti bilan;
ijara huquqi mavjud bo‘lgan yer uchastkasida yetishtiriladigan paxta xomashyosining yig‘im-terimi uchun - paxta xomashyosi qiymatining 20 foizigacha yillik 10 foizda (shundan, bank marjasi 2 foiz) 12 oyga, shu jumladan, 3 oylik imtiyozli davr va oxirgi 9 oyda teng ulushlarda qaytarish sharti bilan kredit ajratiladi;
v) fyuchers shartnomasiga asosan yetishtiruvchilardan qabul qilingan paxta xomashyosi uchun to‘lovlarning 80 foizi paxta xomashyosi qabul qilib olingan kundan boshlab uch ish kunidan kechiktirmasdan, qolgan qismi moliya yilining 31 dekabr kuniga qadar amalga oshiriladi;
g) ajratilgan kredit mablag‘lari hisobidan agrotexnik tadbirlar doirasida tovarlar (ishlar, xizmatlar), shu jumladan, moddiy resurslar yetkazib beruvchilar va xizmat ko‘rsatuvchilar yetishtiruvchilar tomonidan ixtiyoriy tanlanadi (bundan urug‘lik chigit mustasno);
d) yetishtiruvchilar, klasterlar va urug‘chilik sub’yektlari kredit buyurtmalarini Qishloq xo‘jaligi vazirligining «Agroplatforma» axborot tizimi orqali elektron shaklda taqdim etadi.
Farmon bilan klasterlarni tashkil etish va ularning faoliyat yuritishi uchun talablar va yangilangan tartib joriy etilgan:
a) talabgor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish (ip kalavasi, trikotaj mato, gazlama, tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish, bo‘yash) quvvatlarining kamida ikkita bosqichini yo‘lga qo‘ygan bo‘lishi;
O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan va faoliyat yuritayotgan, tugatilish bosqichida bo‘lmagan, to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilmagan va «yomon» kredit tarixiga ega bo‘lmagan hamda murojaat sanasida kredit (lizing, bank kafolati, akkreditiv) va soliqlardan muddati o‘tgan qarzdorligi mavjud bo‘lmagan bo‘lishi shart;
b) klasterlar faoliyati Qishloq xo‘jaligi vaziri bilan kelishilgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyat hokimlarining qarorlari bilan tashkil etiladi;
v) klaster faoliyatini tashkil etish istagida bo‘lgan talabgorlar ochiq va shaffof onlayn tanlov asosida tanlab olinadi;
g) paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi tugatiladi;
d) Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda tegishliligiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi yoki viloyat hokimliklari bilan talabgor o‘rtasida klaster faoliyatini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida uch tomonlama bitim tuziladi;
e) Qishloq xo‘jaligi vazirligi klasterlar reyestrini yuritadi va ushbu reyestrni o‘zining rasmiy veb-saytida doimiy ravishda e’lon qilib boradi;
j) 2024 yil hosili uchun fyuchers shartnomalari tuzishda mazkur bandning «a» kichik bandida nazarda tutilgan qoidalar, istisno tariqasida, amalda faoliyat yuritayotgan klasterlarga tatbiq etilmaydi.
Klasterlar va boshqa to‘qimachilik korxonalari tomonidan paxta xomashyosi to‘liq elektron tarozi orqali qabul qilinadi hamda ishlab chiqarilgan paxta tolasini avtomatlashgan majburiy hisobga olish tizimi joriy qilinadi.
Paxta xomashyosi uni yig‘ish, tashish, quritish, saqlash va birlamchi qayta ishlashga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablariga javob beradigan hamda elektron tarozi va texnik jihatdan malakaliligi ma’qullangan sinov laboratoriyasi bilan jihozlangan omborlarda saqlanishi shart.
2024 yil paxta hosilidan boshlab elektron tarozi orqali qabul qilingan paxta xomashyosi va ishlab chiqarilgan paxta tolasini avtomatlashgan majburiy hisobga olish tizimi joriy etiladi va uni «Agroplatforma» axborot tizimiga integratsiya qilinadi.
Kelgusida klasterlar va boshqa to‘qimachilik korxonalari tomonidan xarid qilingan paxta xomashyosi o‘zlarining belgilangan tartibda texnik jihatdan malakaliligi ma’qullangan laboratoriyasida yoki shu talablarga javob beradigan boshqa laboratoriyalarda tahlil qilinib, qabul qilinadi.
2024 yildan klasterlarda moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari joriy qilinadi va nufuzli xalqaro auditorlik tashkilotlarini jalb qilgan holda ular faoliyati samaradorligi va moliyaviy ko‘rsatkichlarini mustaqil tashqi auditdan o‘tkazish choralari ko‘riladi.
Bundan tashqari, klasterlarga qabul qilib olingan paxta hosili uchun elektron hisobvaraq-fakturada ko‘rsatilgan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi klasterlar tomonidan qishloq xo‘jaligi korxonalariga (fermer xo‘jaliklari) paxta hosili uchun to‘langan to‘lovga mutanosib miqdorda hisobga olinadi. Bunda klasterlarda qishloq xo‘jaligi korxonalari (fermer xo‘jaliklari) tomonidan yetishtirilgan paxta xomashyosini shartnomada belgilangan narxlarda sotib olish va o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan yakuniy hisob-kitobning 20 foizini moliya yilining yakuniga qadar amalga oshirish majburiyati saqlab qolinadi.
2024 yildan paxta xomashyosi yetishtiruvchilarni moddiy resurslar bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida tovar-xomashyo birjalarida 0,2 va 0,5 tonnalik kichik lotlarda mineral o‘g‘itlar, yoqilg‘i moylash materiallarining doimiy savdolarga barcha hududlar bo‘yicha qo‘yilishini ta’minlash nazarda tutilgan.
Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy boshqarmalari, tuman (shahar) bo‘limlariga fermer xo‘jaliklari va tadbirkorlik sub’yektlarining mineral o‘g‘it va yoqilg‘i-moylash mahsulotlari bo‘yicha o‘tkaziladigan birja savdolarida ishtirok etishiga ko‘maklashishi yuklatilgan.
Egamberdi Ro‘ziyev,
Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari.