Paxta yetishtiruvchilarga QQSni bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi beriladi

Bu tartib Vazirlar Mahkamasining shu yil 14 avgustda qabul qilgan “Paxta xomashyosini yetishtiruvchilar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash hamda hisobga olish muddatlarini muvofiqlashtirish to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.

Qarorga ko‘ra, 2023 yil hosilidan paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan paxta xomashyosi to‘liq elektron tarozi orqali qabul qilinadi.

Shuningdek, QQSni paxta xomashyosi bo‘yicha yakuniy hisob-kitoblarni amalga oshirish muddatigacha to‘lash va hisobga olishga ruxsat etiladi.

2026 yil 1 aprelgacha paxta-to‘qimachilik klasterlari va qishloq xo‘jaligi korxonalari (fermer xo‘jaliklari) o‘rtasidagi hisob-kitoblar hamda QQSni hisobga olish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

- paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan paxta hosili uchun yakuniy hisob-kitoblar o‘z muddatida amalga oshirilmaganda, yuzaga kelgan soliq qarzdorligini QQS to‘lovchisi hisoblangan qishloq xo‘jaligi korxonalari (fermer xo‘jaliklari)ga 3 oy muddatga teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi beriladi;

- paxta-to‘qimachilik klasterlariga qabul qilib olingan paxta hosili uchun elektron hisobvaraq-fakturada ko‘rsatilgan QQS summasini qishlok xo‘jaligi korxonalari (fermer xo‘jaliklari) tomonidan QQS byudjetga to‘lab berilganidan so‘ng hisobga olishga ruxsat etiladi.

QQSni bo‘lib-bo‘lib to‘lash va hisobga olishning avtomatlashtirilgan dasturi ishga tushiriladi.

2023 yil 5 sentyabrgacha hududlar va klasterlar kesimida paxta xomashyosini yig‘ib olish bilan bog‘liq ma’lumotlar shakllantiriladigan axborot tizimi ishga tushirilib, 2023 yil 15 sentyabrdan “Agroplatforma” axborot tizimiga integratsiya qilinadi.