Paxtachi tumani obodonlashtirish bo‘limining ishchilari qonunga zid tarzda bo‘shatilgan. Majburiy ijro byurosi ularni vazifasiga tikladi

Yurtimizda amaldagi mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari xodimlar, ish beruvchilar, davlat manfaatlarini e’tiborga olgan holda, mehnat bozorining samarali amal qilishini, haqqoniy va xavfsiz mehnat shart-sharoitlarini, xodimlarning mehnat huquqlari va sog‘lig‘i himoya qilinishini ta’minlashga qaratilgan. Unda shuningdek, mehnat unumdorligi o‘sishiga, ish sifati yaxshilanishiga, shu asosda aholining moddiy va madaniy turmush darajasi yuksalishiga qaratilgan normalar belgilangan.

Shuningdek, Mehnat kodeksi mehnat shartnomasini g‘ayriqonuniy ravishda bekor qilish yoki xodimni g‘ayriqonuniy ravishda boshqa ishga o‘tkazishning oldini olish bilan bog‘liq qoidalar ham o‘z aksini topgan. Basharti, shunday hollar kuzatilganda kodeksning 112-moddasiga ko‘ra, xodim ishga tiklanishi va ish beruvchiga xodimga yetkazilgan zararni qoplash majburiyati yuklatiladi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudida Sobir Iskandarov, Zamira Allayeva, Farog‘at Iskanova va Manzura Qurbonovalarning Paxtachi tumani obodonlashtirish bo‘limidan g‘ayriqonuniy ravishda ishdan bo‘shatilganligi fakti o‘z isbotini topgan. Sud shu asosda fuqarolarni ishga tiklash to‘g‘risida hujjat qabul qilgan.

Tabiiyki, qonunda ko‘za tutilgan muddatda sud qarori ijro qilinmaganligi uchun majburiy ijrosini ta’minlash choralari ko‘riladi.

Majburiy ijro byurosi Paxtachi tumani bo‘limi ish yurituvidagi fuqarolar Sobir Iskandarov, Zamira Allayeva, Farog‘at Iskanova va Manzura Qurbonovalarni Paxtachi tumani bo‘limiga ishga tiklash haqidagi ijro hujjati bo‘yicha tegishli harakatlar olib borildi.

Natijada, noqonuniy ishdan bo‘shatilgan xodimlar obodonlashtirish bo‘limiga o‘z vazifasiga qayta tiklandi.

Majburiy ijro byurosi Paxtachi tumani bo‘limi.