Paxtachida toshdan qog‘oz ishlab chiqariladi

Yaqinda Paxtachi tumanida mahalliy tadbirkorlar hamda Eronning “ARIO POLI Co.LTD kompaniyasi o‘rtasida toshdan qog‘oz ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha 5 million dollarlik shartnoma imzolandi. Kelishuvga asosan “ZIYOVUDDIN – ARIO POLI” O‘zbekiston – Eron qo‘shma korxonasi ta’sis etildi.

Korxona faoliyat yuritishi uchun tuman hududidan 20 gektar yer maydoni ajratildi. Ayni paytda korxonada qurilish va Xitoydan keltirilgan uskuna va texnologiyalarni o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.

Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov ushbu qo‘shma korxonada bo‘ldi va yirik loyihani amalga oshirish jarayonlari bilan tanishdi.

– Toshdan qog‘oz ishlab chiqarish industriyasi sanoat darajasida faqatgina Xitoy va Tayvan davlatlarida yo‘lga qo‘yilgan, - deydi loyiha tashabbuskori Abdullah Said Shafieyfar. – Vaholanki, bugungi kunda sifatli tosh qog‘oz mahsulotlariga talab butun dunyoda ortib bormoqda. Sababi, unda ekologiyaga hech qanday zarar yetmaydi, balki oddiy tosh yoki kalsiydan foydalaniladi. Mazkur loyiha ishga tushgach, mahalliy xom ashyodan yiliga 72 ming tonna ekologik toza qog‘oz ishlab chiqariladi. Mahsulot ichki bozor bilan birgalikda Yevropa va Osiyo davlatlariga eksport qilinadi. Shuningdek, 100 nafar mahalliy aholi muqim ish o‘rni bilan ta’minlanadi.

Mamlakatimizga bir yilda 230 ming tonnadan ortiq qog‘oz mahsulotlari import qilinadi. Demak, valyutani iqtisod qilishda ham bu loyihaning nafaqat viloyatimiz, balki mamlakatimiz uchun ahamiyati katta.

Akram BO‘RIYeV.