Paxtani kim teryapti?

Shu kunlarda viloyatning barcha hududlarida paxta yig‘im-terimi boshlangan.
Yetishtirilgan hosilni nest-nobud qilmasdan, qisqa fursatda yig‘ishtirib olish uchun viloyat bo‘yicha jami 130 513 nafar terimchi jalb etilgan. Ularning 51,7 minggi fermer xo‘jaligi a’zolari bo‘lsa, 78,8 mingdan ortig‘i uyushmagan aholidan iborat.
Terim ishlarining navbat asosida tashkil etilishi tufayli o‘tgan kuni 61,9 mingdan ortiq ko‘ngilli hosilni terishga kelgan bo‘lsa, kecha ularning soni 78 mingdan ortdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘rtacha bir terimchi kuniga 61 kilogramdan ortiq xomashyoni terib olgan.
Bu yilgi mavsumda qo‘lda terilgan bir kilogramm paxta xomashyosi uchun birinchi terimda 1200 so‘m va ikkinchi terimda 1500 so‘mdan haq to‘lanishi belgilangan.
Xo‘sh, daladagi terimchilar mehnatidan qoniqyaptimi?
Mavzu yuzasidan Oqdaryo tumanidagi Yangiravot-2 mahallasida joylashgan “Qorateri Botir paxtasi” fermer xo‘jaligi dalalarida bo‘ldik. Fermer xo‘jalik rahbari Qamariddin Primqulovning aytishicha, mahallaning 70 nafardan ortiq mahalladagi aholi terim ishlarida qatnashyapti. Ularning yordami bilan ikki kunda 23 tonnadan ortiq hosil yig‘ishtirib olingan. Ishchilar uchun bepul tushlik va issiq ovqat tashkil etilgan.
- O‘tgan yilgi mavsumda 1,8 tonna paxta tergandim, - deydi ilg‘or terimchi Dilrabo Boyxo‘rozova. – Bu yil esa bir o‘zim 2 tonnadan oriq paxta terishni rejalashtirganman. Buning uchun kuniga o‘rtacha 150 kilogramdan oshirib paxta teryapman. Bizda terim boshlanganiga uch kun bo‘ldi. Shu bois, hali besh kunlik terim pulini olmadik. Ish haqimizni olganimizdan so‘ng rag‘batimiz yanada ortadi.
Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, terim pullarini o‘z vaqtida yetkazish uchun viloyatimizdagi 4 ta tijorat banki biriktirilgan. Ular tomonidan 22 sentyabr holatiga 9 milliard 662 million 143 ming so‘m terim puli tarqatilgan.
O‘.XUDOYBERDIYeV.