Paxtani o‘zimiz yetishtirdik, o‘zimiz terib olamiz

Shu kunlarda paxta yig‘im-terimi qizg‘in pallaga kirdi. Avvalgi yillardan farqli o‘laroq bu yil yetishtirilgan hosil viloyatimizdagi paxtachilik klasterlari tomonidan yig‘ishtirib olinmoqda.

Bundan 4-5 yil oldingi holatni eslang. Sentyabr boshlanishi bilan talabalar, o‘qituvchilarni paxtaga jalb etish harakatiga tushardik. Yoki korxona va tashkilotlar xodimlari, hatto shifokorlar dalaga, paxta terimiga chiqarilardi. Bolalarni aytmaysizmi, kollej, maktab o‘quvchilari ham dalaga chiqishga majbur bo‘lardi. Buning ortidan qancha norozilik, gap-so‘z. Ana shunday paytda kimdir kasal bo‘lib qolsa yoki biror ko‘ngilsiz holat yuz bersa, hammasidan oshib tushardi. Ko‘ngillarga xiralik kirardi.

Mana, keyingi ikki-uch yilda bunday holatlarga barham berildi. Avvalo, bolalar mehnatiga butunlay chek qo‘yildi. Talabalar paxta terimiga chiqarilmaydigan bo‘ldi. O‘qituvchi ham, shifokor ham o‘z o‘rnida, ishi bilan band. Paxtani yetishtirgan fermer, klaster jamoasi o‘sha hudud odamlari, ko‘ngilli terimchilar bilan yig‘ishtirib olmoqda.

Demak, paxtachilikda ham ishni to‘g‘ri tashkil etib, shu mehnat bilan shug‘ullanayotgan kishilarning manfaatdorligini oshirib, hosilni yig‘ishtirib olish mumkin ekan.

Biz ham mavsumga oldindan tayyorgarlik ko‘rib qo‘ygandik. O‘zimizning ishchilarimiz, mahallalardagi ishsiz kishilardan iborat terim otryadlari tashkil etgandik. Kuniga 1500-1600 kishi dalaga chiqyapti. Dalaning o‘zida tushlik tashkil qilganmiz.

Terimga oilaviy chiqib, kuniga 300-400 kilogramdan paxta terayotganlar ko‘p. 80-100 kilogramm tergan terimchilar safi kengaymoqda. Birinchi terimda har kilogramm paxta uchun 800 so‘mdan pul beryapmiz. Ilg‘orlar terim pulidan tashqari, uy jihozlari, maishiy texnika vositalari bilan rag‘batlantirilmoqda.

Ahadilla KARIMOV,

Ishtixon tumanidagi «Ishtixon oltin yerlari» fermer xo‘jaligi boshlig‘i.