Payariqdagi parrandachilik fermasi binosi qarzdorlik uchun xatlangan

Joriy yilning 21 oktyabr Facebook ijtimoiy tarmog‘ida fuqaro U.Omonov tomonidan joylashtirilgan xabarda Payariq tumanidagi “Suyukli javohirlar” fermer xo‘jaligiga tegishli parrandachilik fermasi binosi sotuvga qo‘yilgani va ishlashga imkon berilmayotgani aytiladi.

Ushbu murojaatni o‘rganish jarayonida sud qaroriga asosan qarzdor A.Haydarovdan undiruvchi L.Hasanovaning foydasiga 46 million so‘m qarz undirish, undiruvni Payariq tumanidagi “Suyukli javohirlar” fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan parrandachilik fermasi binosiga qaratish belgilangan.

Sud qaroridan norozi bo‘lib taraflar tomonidan keltirilgan shikoyatlar sudlar tomonidan bir necha marta ko‘rib chiqilgan. Lekin sud qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Shu sababli davlat ijrochisi tomonidan parrandachilik fermasi binosi xatlangan va Samarqand viloyati ko‘chmas mulk va sarmoyalar agentligi tomonidan 143 million 251 ming so‘mga baholangan.

Qarzdor A.Haydarovga parrandachilik binosining sotuvga chiqarilishi to‘g‘risidagi qaror 2018 yil 13 avgustda tuman pochta aloqa tarmog‘i orqali manziliga yuborilgan va 2018 yil 27 sentyabrda “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasiga joylashtirilgan. Bu haqdagi xabarnoma ham qarzdor A.Haydarovga pochta aloqa xizmati orqali yuborilgan.

Mazkur bino inshootlari yagona elektron savdo maydonchasi orqali sotilmaganligi sababli O‘zbekiston Respublikasi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunning 56-moddasiga asosan parandachilik fermasi binosini qarz evaziga qabul qilish yuzasidan undiruvchi L.Hasanovaga taklif qilingan.

Undiruvchi L.Hasanovaning taklifga rozilik bildirib, farq summasini Byuroning Payariq tumani bo‘limi depozit hisob raqamiga to‘liq to‘laganligi bois ushbu ko‘chmas mulk binosi 2019 yil 8 may kuni dalolatnoma orqali undiruvchi L.Hasanovaga topshirilgan.

Payariq tumani ma’muriy sudining 2019 yil 15 iyundagi qaroriga asosan davlat ijrochisining “Sotilmagan ko‘chmas mulkni natura shaklida qarz evaziga undiruvchiga topshirish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori bekor qilingan.

Samarqand viloyati ma’muriy sudi apellyasiya instansiyasining 2019 yil 20 avgustdagi qaroriga asosan Payariq tumani ma’muriy sudining 2019 yil 15 iyundagi hal qiluv qarori va xususiy ajrimi bekor qilinganligi ma’lum qilinadi.

Majburiy ijro byurosi.