Pensiyaga qanday tayyorgarlik ko‘rish mumkin?
Pensiyani rejalashtirish bu — muntazam ko‘rib chiqishni talab qiladigan hamda fuqarolar o‘zlariga qulay va moliyaviy barqaror keksalikni ta’minlash uchun imkon qadar erta harakatni boshlashlari kerak bo‘lgan jarayondir.
Pensiyani rejalashtirish moliyaviy rejalashtirishning asosiy jihati hisoblanadi. Bu fuqarolarga nafaqat keksalikda moliyaviy yordam beradi, balki kelajakka ham ishonch bag‘ishlaydi.
Xo‘sh, pensiyani qanday samarali rejalashtirish mumkin? Bunda nimalarga e’tibor qaratish lozim?
Birinchidan, fuqarolar doimiy ish stajiga ega bo‘lish uchun rasmiy daromad keltiradigan korxona, tashkilot yoki muassasalarda mehnat shartnomasiga asosan faoliyat yuritishi kerak.
Ikkinchidan, norasmiy ravishda mehnat faoliyati yuritayotgan fuqarolar o‘zini o‘zi band qilgan holda muntazam ravishda ijtimoiy soliqlarni to‘lash orqali ish stajiga ega bo‘lib borishi lozim.
Uchinchidan, pensiya qonunchiligiga oid ma’lumotlar bilan muntazam ravishda tanishib borish, kiritilayotgan o‘zgarish va qo‘shimchalardan xabardor bo‘lib borish zarur.
To‘rtinchidan, rasmiy ravishda olayotgan ish haqiga e’tibor qaratish kerak. Bunda, pensiya yoshiga yetgunga qadar oxirgi o‘n yillik mehnat faoliyatidagi oylik ish haqlaridan pensiya hisoblanishini inobatga olish muhim.
Beshinchidan, raqamlashtirish davrida yashayotganimizni hisobga olib, fuqarolar o‘z ish beruvchilaridan o‘zlarining ish staji to‘g‘risidagi ma’lumotlarni raqamlashtirishni talab qilishlari, mehnat faoliyati yuritmayotgan fuqarolar esa Bandlik bo‘limlariga mehnat daftarchalaridagi ma’lumotlarini raqamlashtirishni so‘rab murojaat qilishlari lozim. Bunda, ular o‘zlarining ma’lumotlarini OneID orqali ko‘rishlari mumkin.