Pentagon Ukrainaga harbiy kuch yuborishi ma’lum qilindi, faqat harbiy harakatlar emas, evakuatsiyaga ko‘maklashish uchun
Pentagon evakuatsiyaga yordam maqsadida AQShning Yevropadagi qo‘shimcha kuchlari Ukrainaga yuborilishi mumkinligini inkor etmadi, dedi kecha, 2 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbi.
"Bizning kuchlarimiz har xil vazifalarni bajarishga qodir va ular turli vaziyatlarga tayyor bo‘ladi", dedi Kirbi Yevropaga ketayotgan AQSh harbiylari evakuatsiyada ishtirok etishi mumkinmi, degan savolga. Pentagon matbuot kotibi amerikalik harbiylar Ukrainadagi harbiy amaliyotlarda ishtirok etmasligini ta’kidladi, biroq ularning missiyasi va harbiylarni Yevropaga jo‘natish muddatlari haqida batafsil ma’lumot berishdan bosh tortdi.
Kiyev va G‘arb davlatlari so‘nggi paytlarda Rossiyaning Ukraina chegaralari yaqinida “tajovuzkor harakatlari” kuchayganidan xavotir bildirmoqda. Moskva bu kabi ayblovlarni qayta-qayta rad etib, hech kimga tahdid qilmasligi va hujum qilish niyati yo‘qligi, “Rossiya agressiyasi” haqidagi da’volar Rossiya chegaralari yaqinida ko‘proq NATO harbiy texnikasini joylashtirish uchun bahona sifatida foydalanilayotganini aytdi. Avvalroq Rossiya Tashqi ishlar vazirligi G‘arbning “Rossiya tajovuzkorligi” va Kiyevga undan himoyalanishda yordam berish imkoniyati haqidagi bayonotlari ham kulgili, ham xavfli ekanligini ta’kidlagan edi.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Rossiya qo‘shinlarini o‘z hududida va o‘z xohishiga binoan olib o‘tmoqda. Bu hech kimga tahdid emas va hech kimni tashvishga solmasligi kerak.