Pingvin o‘z qutqaruvchisi bilan uchrashish uchun har yili 800 kilometr masofani suzib o‘tadi
Magelan pingvini Jinjin Argentina va Chili sohillarida yashaydi, lekin har yili o‘zining hayotini saqlab qolgan Joaoni ko‘rish uchun Braziliyaga qaytib keladi.
Rio-de-Janeyro yaqinidagi kichik oroldagi 71 yoshli qishloq yashovchisi Joao Pereyra de Souza 2011 yilda sohilda yotgan o‘lim holatiga yaqin pingvinni topib oldi. Qush neft qobig‘iga tushib qolgan va uning patlari moyli parda bilan qoplangan edi.
Joao baxtsiz pingvinni uyiga olib bordi, uning patlarini yopishqoq suyuqlikdan tozaladi va kuchini tiklab olishi uchun har kuni baliq berib parvarishladi, unga Jinjin deb nom berdi.
Bir haftadan so‘ng erkak sog‘aygan Jinjinni qo‘yib yubormoqchi bo‘ldi, biroq qush o‘z qutqaruvchisiga shu qadar o‘rganib qolgan ediki, unga yopishib oldi va tashlab ketishni xohlamadi.
“U 11 oy mening uyimda yashadi, patlari o‘zgarganidan keyin u to‘satdan g‘oyib bo‘ldi”, deb eslaydi Joao.
Erkak qaytib do‘stini ko‘rishga umid qilmagan edi, lekin bir necha oy o‘tgach, Jinjin o‘zi qutqarilgan plyajda yana paydo bo‘ldi. U baliq ovlash uchun dengizga chiqqan Joao qayig‘i oldiga suzib keldi, keyin uyiga kelib, yil oxirigacha u bilan qoldi.
Bu hodisa to‘qqiz yildan beri davom etmoqda: Jinjin Joao bilan har yil sakkiz oyga yaqin - iyundan-fevralgacha qoladi, keyin esa taxmin qilinishicha Patagoniya tomon suzib ketadi.
“Men bu pingvinni o‘z farzandimdek yaxshi ko‘raman va u ham meni sevishiga ishonaman, - deydi Joao. – U o‘zini mendan boshqa hech kimga teginishiga yo‘l qo‘ymaydi. Birov unga tegingudek bo‘lsa, darhol cho‘qiy boshlaydi. Mening esa tizzamda yotadi, uni cho‘miltiraman, sardina baliqlari bilan siylayman, qo‘limda ko‘tarib yuraman”.
Jinjin o‘z qutqaruvchisini boshqa uy hayvonlaridan qizg‘anadi. U it va mushuklarga xo‘jayini oldiga yaqinlashishiga yo‘l qo‘ymaydi. Pingvin Joaoni ko‘rganida dumini likillatib, shu tarzda quvonchini ifodalaydi.
Biolog mutaxassislarning fikricha, pingvin Joaoni o‘z “poda”siga qabul qilgan va uni oilasining bir qismi deb biladi.
Garchi Braziliya aholisiga yovvoyi hayvonlar va qushlarni uyda saqlash taqiqlangan bo‘lsa-da, rasmiylar Jinjinning qutqaruvchisiga bo‘lgan g‘ayrioddiy mehrini ko‘rib, unga Joaoning uyiga mehmon bo‘lishga ruxsat berishdi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.