Plastik shaklidagi yangi kadastr pasportining namunasi taqdim etildi

O‘zbekiston Respublikasining yangi shakldagi kadastr hujjati NFC — smart chipi o‘rnatilgan plastik kartadan iborat. U eski uslubdagi kadastr pasportidagi barcha ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, interaktiv davlat xizmatlarining yagona portaliga ulanish imkoniyatiga ega, deyiladi Yer tuzish, geodeziya, kartografiya va davlat kadastr qo‘mitasi xabarida.

Ushbu texnologiyaning afzalliklari orasida kommunal to‘lovlarni yangi kadastr kartasi orqali to‘lash imkoniyatini ta’kidlash mumkin. Bu to‘lovlarni amalga oshirish jarayonini sezilarli darajada soddalashtiradi va kommunal instansiyalarning ish samaradorligini oshiradi.

Ma’lum qilinishicha, kommunal xizmatlarning mulk bilan bog‘liqligi ularni hisoblash va to‘lash sohasidagi islohotlarning samaradorligini ta’minlaydi.