Polshada O‘zbekiston fuqarolarini noqonuniy ishga jalb qilish bilan shug‘ullangan guruh ushlandi

Polshada xorijiy mehnat migrantlari uchun noqonuniy hujjatlar tayyorlash bilan shug‘ullangan to‘rt nafar ukrainalik, ozarbayjonlik va polshalik fuqarolar ushlandi. Bu haqda Polskie Radio portali xabar bermoqda.

Ushbu jinoiy guruh Ozarbayjon, Rossiya, Gruziya, Ukraina, O‘zbekiston, Turkiya, Pokiston, Eron, Iroq va Qozog‘istondan 500 dan ortiq fuqarolarga pul evaziga qalbaki firmalar orqali Polsha va Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlari hududida bo‘lish va ishlashga ruxsat beruvchi hujjatlarni tayyorlagan.

Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan jinoiy guruhni qo‘lga olish jarayonida ular yashagan kvartira va faoliyat yuritgan ofislarda ko‘plab hujjatlar, elektron vositalar, shuningdek, 120 ming AQSh dollari qiymatidagi avtomobillar, elektron jihozlar musodara qilingan.