Pomidor “daraxt”i yiliga 1,5 tonna hosil beradi(mi?)

Daraxt-pomidor haqida eshitganmisiz? “Sprut F1” navli pomidor ko‘chatini Bulung‘ur tumani Gulzor mahallasida yashovchi dehqon Sherali Xoldorov parvarishlab kelyapti. Bu pomidor poyasining uzunligi 15 metrgacha yetib, 8-9 yillik bo‘lganida yiliga 1,5 tonnagacha hosil berar ekan.

- Issiqxonada mahsulot yetishtirishni boshlaganimga 6 yil bo‘ldi, - deydi Sherali aka. – Amerika, Gollandiya, Rossiya va boshqa davlatlardan buyurtma asosida keltirilgan 30 turdagi pomidor ko‘chatlarini parvarishlayapman. Ular orasida sariq, ko‘rinishidan limonga o‘xshash, kivining ta’mini beradigan pomidor ham bor. Shuningdek, qora va binafsha rangli pomidorlarni ham yetishtirganman. Issiqxonamda pishib yetilgan bodringlar ham noyob. Ba’zilar yong‘oqning “shig‘ir-shig‘ir”iga qiziqadi, ba’zilar esa kaptarning qanot qoqishiga, ayrimlar bedananing sayrashini xush ko‘radi. Men esa pomidor va bodringning “jinni”siman. Ijtimoiy tarmoqlar orqali dunyoning qaysidir burchagida yangi nav haqida xabar topsam, albatta, buyurtma berishga oshiqaman.

Issiqxonada yetishtirilayotgan mahsulotlar faqat mahalliy o‘g‘it bilan oziqlanadi. Ularni turli zararli hasharotlardan himoya qilishda ham kimyoviy vositalardan foydalanilmaydi. Tunda keladigan hasharotlarga Sherali aka qo‘lbola “qopqon” yasab qo‘ygan. Sovun ko‘pigi aralashtirilgan suv bilan to‘la lagan yaqiniga kechasi elektr lampasini yoqib qo‘yarkan. Hasharotlar o‘zini yorug‘likka urib, suvga tushib, nobud bo‘lar ekan.

Sherali aka dastlab ikki sotixli qo‘lbola issiqxonada dehqonchilik qila boshlagan. Zamonaviy issiqxona qurishga mablag‘i yetmagan. Yordam so‘rab, tuman va viloyat hokimligiga murojaat qilgach, mutasaddilar uning ishini o‘rgangan va subsidiya asosida ikki sotixli issiqxona qurib berilgan.

Ikkinchi issiqxonada ham turli xildagi meva-sabzavot va poliz ekinlari yetishtirilyapti. Bu yerda parvarishlanayotgan mahsulotlarning urug‘lari barchasi xorijdan keltirilgan, sinovdan o‘tkazilyapti. Natija yaxshi bo‘lsa ularni ko‘paytirish rejalashtirilgan.

- Issiqxonalarimdan birida faqat tropik mevalar yetishtirishni niyat qilganman, - deydi Sh.Xoldorov. – Bugungi kunda banan, papayya va ananas kabi sitrus mevalarni ham sinov tariqasida yetishtiryapman. Aslida papayyaning bo‘yi 4-5 metr bo‘ladi. Men parvarishlayotgan papayyaning navi boshqacha, ya’ni issiqxonamizga mos pakana bo‘ylidir. O‘tgan yili ekilgan ko‘chatning bo‘yi shu yil nishona ko‘rsatdi.

Sh.Xoldorov issiqxonada tok ko‘chatlarini ham parvarishlamoqda. Maqsadi – qish kunlarida ham uzumni shoxidan uzib dasturxonga tortish.

To‘lqin Siddiqov,

Sulaymon Mardiyev.