Poytaxtsiz, daryosiz, ko‘p millatli va yana bir qator noodatiy mamlakatlar
Har bir davlatning o‘ziga xos xususiyatlari bor. Shunday emasmi? Ba’zida bu xususiyatlar shunchalik qizikki, ular alohida e’tiborga loyiq. Bugun sayyoramizdagi bu g‘ayrioddiy mamlakatlar bo‘ylab sayohat qilamiz.
Daryosi yo‘q mamlakat
Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, Yer yuzida bir nechta bunday davlat bor, lekin ulardan eng kattasi Saudiya Arabistonidir. Uning katta qismini tog‘lar, taqir tekisliklar va cho‘llar tashkil etadi. Mamlakat dengizga chiqish imkoniga ega, lekin bu dengizga bitta ham daryo oqib kirmaydi. Saudiya Arabistonining o‘z “vadi”si bor. Vadilar – bu vaqtinchalik daryolar, aniqrog‘i, yomg‘irli mavsumda suv bilan to‘ldiriladigan quruq kanallar. Lekin ular ham tezda quriydi.
Bu juda katta mamlakat aholisi suvni qayerdan oladi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Barcha suv ta’minotining 50 foizi dengiz suvini tuzlantirish orqali, 40 foizi quduqlardan va faqat 10 foizi ushbu vadilardan olinadigan suvlardir.
Eng ko‘p soat poyasi (vaqt mintaqasi)ga ega mamlakat
Bu Fransiya davlati. Mamlakatning o‘zi bir vaqt zonasida yashaydi, lekin uning barcha dengiz orti yerlari, mintaqalari va ma’muriy territorial okruglari hisobga olinsa, u yerda 12 ta soat mintaqasi chiqadi – bu Rossiyadagiga qaraganda bittaga ko‘p. Fransiya butun dunyo bo‘ylab tarqalgan ko‘p hududlarga ega va ularning orasida juda katta... yoki juda kichik masofa bor. Bu globusni qaysi tomonga qarab burishingizga bog‘liq.
Odamlardan ko‘ra qo‘ylari ko‘p mamlakat
Aslida bu Britaniyaning dengiz ortidagi hududi. Ya’ni, Buyuk Britaniya suvereniteti ostidagi, lekin uning qismi hisoblanmaydigan davlat. Gap Janubiy Atlantikada joylashgan Folklend orollari haqida ketyapti. Bu mamlakat faqat qo‘y juni eksportidan keladigan daromad hisobidan kun kechiradi.
Mamlakat hududining 80 foizini yaylovlar egallagan va oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, u yerda 500 mingga yaqin qo‘y bor. Odamlari esa 3 mingdan sal ziyodroq.
Poytaxtsiz mamlakat
Nauru – Tinch okeanidagi atigi 21 kvadrat kilometr maydonga ega kichik orol davlati. Bu yerda 15 ming kishi istiqomat qiladi. Ilgari bu yerda fosforit qazib olinib, bu davlat eksport hajmi bo‘yicha qolganlardan oldinda bo‘lardi. Zaxiralar tugagach, mamlakat barcha fosfat pullarni yeb tugatdi va hozirda turmush darajasi juda past. Poytaxtga kelsak, butun orolning o‘zi bir poytaxtdir. Bu yerda shaharlar yo‘q, poytaxt haqida gapirishning hojati ham bo‘lmasa kerak.
Qo‘shnisini uchratmaydiganlar mamlakati
Mongoliya eng past aholi zichligiga ega davlat. U yerda hozirgi kunda – 1 kvadrat kilometrga 2 kishi to‘g‘ri keladi. Katta cho‘l hududlarida joylashgan ushbu mamlakat aholisi 3 milliondan ko‘proq. Aholining to‘rtdan bir qismi poytaxt Ulan-Batorda, yerlarining qolgan qismida esa faqat kamsonli ko‘chmanchilar istiqomat qiladi.
Hech kim rasmiy tilda gapirmaydigan mamlakat
Vatikan aholisi asosan yolg‘iz erkaklardan iborat va bu yerda nikohlar taqiqlangan. Vatikanning rasmiy tili – lotin tili, biroq bu davlat butunlay Italiyada joylashganligi sababli hamma italyan tilida gaplashadi.
Qishloq xo‘jaligi yo‘q mamlakat
Dunyoda iqtisodiyoti qishloq xo‘jaligiga bog‘liq bo‘lmagan va deyarli barcha aholisi shaharlarda yashaydigan davlatlar bor. Singapur ular ichida eng kattasidir. Mamlakat hududining atigi 1 foizida qishloq xo‘jaligi ekinlari, u ham bo‘lsa kichik orollardagi shaxsiy fermalarda yetishtiriladi.
Eng ko‘p millatli mamlakat
Bu Hindiston. Ayrim olimlarning hisoblariga qaraganda, bu yerda 447 tilda gaplashadigan 2 mingdan ortiq millat vakillari istiqomat qiladi. Davlat konstitutsiyasiga ko‘ra, Hindistonda faqat 21 rasmiy til mavjud.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.