"Prava" almashtirish mashmashasi. Muammo nimada?

So‘nggi kunlarda Davlat xizmatlari markazlarida haydovchilik guvohnomasini almashtirish uchun tashrif buyuruvchi fuqarolar oqimi oshdi. Bu esa, Davlat xizmatlari markazlarida uzun navbatlar hosil bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.

Davlat xizmatlari agentligi uzun navbatlarga sabab bo‘layotgan omillarni tahlil qildi.

Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda 5 793 000 nafar haydovchilarning 3 600 000 nafari haydovchilik guvohnomasini almashtirgan. Shundan 2 milliondan ortiq haydovchining guvohnomasi almashtirilmadi. 

Eski haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish muddati esa 2021 yilning 31 dekabr.

️ 2022 yil 1 yanvardan boshlab, eski namunadagi haydovchilik guvohnomalari haqiqiy emas, deb hisoblanadi.

Haydovchilarga yordam berish va muammoni yechish uchun mas’ullar nima choralarni ko‘rdi?

1️⃣Birinchidan, milliy haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagisiga almashtirish uchun Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek, Yakkasaroy va Sergeli tumanlari Davlat xizmatlari markazlariga ham murojaat qilish imkoniyati yaratildi;

2️⃣Ikkinchidan, fuqarolarimiz haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish uchun ro‘yxatdagi Davlat xizmatlari markazlariga dam olish kunlari (shanba va yakshanba, ! bayram kunlaridan tashqari) soat 9:00 dan 15:00 gacha ham murojaat qilishlari uchun sharoit yaratildi;

3️⃣Uchinchidan, DXMlar orqali "prava" almashtirish uchun onlayn ariza yuborish imkoni berildi;

4️⃣To‘rtinchidan, haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagisiga almashtirish xizmatidan foydalanish uchun DXMlarga tashrif buyuruvchilar oqimi katta bo‘lganligi sababli, Toshkent shahridagi DXMlarda erta tong soat 7:00dan boshlab FAQATGINA haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagisiga almashtirish xizmati ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Qolgan xizmatlar, odatdagi rejimda soat 9:00dan boshlab ko‘rsatiladi. 

Davlat xizmatlari agentligi fuqarolardan davlat xizmatlaridan foydalanishda tartibni saqlashni, elektron navbatga rioya qilishni hamda o‘zaro hurmatni saqlab, sabrli bo‘lishni so‘ramoqda.