Prezident: “781 ta mahallada 30 yildan buyon chiqindini olib chiqish masalasi hal etilmagan”

Ayni vaqtda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish va hududlardagi ekologik holatni yaxshilash, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha 2022 yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Yig‘ilishda chiqindilar bog‘liq holat tanqidiy ruhda muhokama etilmoqda.

Jumladan, dunyoda qattiq maishiy chiqindilar miqdori aholi jon boshiga har yili 1 foizga ortib borayotgani, mamlakatimizda so‘nggi yillarda iqtisodiy o‘sish, aholi turmush darajasi yaxshilanishi natijasida o‘sish 2 foizni tashkil etib, yillik hosil bo‘layotgan maishiy chiqindilar miqdori 7 million tonnaga yetgani aytildi.

“Lekin, ushbu chiqindilarni yig‘ish, saralash, olib chiqish, qayta ishlash va utilizatsiya qilish ahvoli qoniqarli emas.
Misol uchun, maishiy chiqindilarni qayta ishlash darajasi Andijonda – 45 foiz, Buxoroda – 43 foiz, Navoiy va Namanganda – 36 foizni tashkil etib, yaxshi natija ko‘rsatilmoqda. Aksincha, Qoraqalpog‘iston – 10 foiz, Farg‘ona va Qashqadaryo – 20 foiz bilan qolgan hududlardan orqada.

Sababi - ushbu hududlarda maishiy chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash klasterlari faoliyati hali tizimli yo‘lga qo‘yilmagan”, dedi davlat rahbari.

Shuningdek, chiqindilarni olib chiqish qamrovi 90 foizga yetgan bo‘lsa-da (2017 yilda atigi 25 foiz edi), 781 ta mahallada 30 yildan buyon chiqindini olib chiqish masalasi hal etilmagani tanqid qilindi.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev ekologiyaga bo‘lgan munosabatga ham to‘xtaldi:

“Avlodlarimiz bizdan keyin ham munosib tabiiy muhitda yashashlari uchun biz tabiatga mehr va e’tibor berishimiz, u bilan uyg‘un bo‘lib yashashimiz kerak.

Bu nima degani? Bu – tabiatni toza-ozoda tutish, yer va suv resurslarini, ekologik tizimni asrash, daraxt ekib, bog‘ yaratish degani.

Eng muhim masala – aholining ekologik madaniyatini oshirish haqida jiddiy bosh qotirishimiz zarur.

Bugun ko‘chaga yoki istalgan joyga qarang. Hamma joyda odamlar tashlab ketgan chiqindilarni ko‘rasiz.

Biz ona yurtimizni muqaddas deymiz. Agar shu yurt, shu tuproq biz uchun muqaddas bo‘lsa, nima uchun uni toza-ozoda saqlamaymiz?"