Prezident: “Hududlarda internet sifati va tezligi pastligicha qolmoqda”
Prezident huzurida Axborot texnologiyalari vazirligining faoliyati va 2022 yildagi rejalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.
Ta’kidlanganidek, 2017 yilda IT sohasi eksporti hajmi bor-yo‘g‘i 600 ming dollar bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 46 million dollarga yetdi.
Joriy yilning birinchi choragida IT xizmatlari eksporti 16 million dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 4 barobar oshgan. Joylarda qo‘shimcha 2 ming 800 ta mobil aloqa stansiyalari o‘rnatilgan (3 barobar ko‘p). IT-park tomonidan 1,5 ming yoshlar ish bilan ta’minlanib, umumiy soni 11,5 ming nafarga yetgan.
Shu bilan birga sohadagi kamchiliklar tanqid qilindi.
“Taraqqiyot strategiyasida raqamli iqtisodiyotni "drayver" sohaga aylantirib, IT xizmatlarini 2,5 barobar oshirish va eksportni 500 million dollarga yetkazish bo‘yicha katta-katta maqsadlarni qo‘ydik.
Bir narsani aniq tushunish kerak. Ushbu soha rivojlanmasa, boshqa biror bir tarmoq oldinga yurmaydi”, dedi davlat rahbari.
Sohada yechimini kutayotgan muammolar va ishga solinmagan imkoniyatlar hali ko‘pligi qayd etildi. Jumladan:
- hududlarning optik tolali internet bilan qamrab olish darajasi past - 72 foiz;
- 118 ta olis qishloqlarga aloqa tizimi va internet umuman yetib bormagan. Shuningdek, magistral avtomobil yo‘llarning atigi 38 foizi mobil internet bilan qamrab olingan. Umuman, hududlarda internet sifati va tezligi pastligicha qolmoqda;
- “O‘zbektelekom”ning daromadlari va samaradorligi boshqa mamlakatlar kommunikatsiya kompaniyalaridan ancha past.
Prezident yechimini kutib turgan yana bir nechta muammoni sanab o‘tdi.
Xususan, “Raqamli O‘zbekiston – 2030” dasturi doirasida vazirlik va tarmoqlarning 11 ta loyihasi kechikmoqda.
Jumladan, Transport va Moliya vazirliklarida – 3 tadan, Investitsiya, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Kadastr agentligi, Milliy bank, “O‘zagrosug‘urta”da – 1 tadan.
Bugungi kunda ayrim vazirlik va idoralar eski, ishonchsiz va o‘zaro integratsiya qilinmagan axborot tizimlaridan foydalanib kelmoqda.
Bundan tashqari, hududlarda IT sohasini rivojlantirish bo‘yicha ishlar bir maromda emas. IT xizmatlarining 90 foizi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi. Eng og‘ir holat Qoraqalpog‘iston, Andijon va Surxondaryoda.
Shu bilan birga, 46 ta hududiy loyiha ijrosi kechikmoqda.