Prezident, ijod, ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlariga kirish imtihonlari qachon va qay tartibda bo‘ladi?  

Bugungi kunda ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida 14 ta Prezident maktabi, 9 ta ijod maktabi hamda 182 ta ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Shundan, viloyatda 1 ta Prezident maktabi, 1 ta Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning Samarqand filiali hamda 16 ta ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlari mavjud.

- 2024-2025-o‘quv yili uchun agentlik tizimidagi maktablarga o‘quvchilar hujjatlarini qabul qilish hamda kirish imtihonlarini tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining tegishli bayoni tasdiqlandi, - deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Javlonbek Muyassarov. - Unga ko‘ra, o‘quvchilarning hujjatlari onlayn shaklda qabul qilinadi, hujjatlar qabuli joriy yilning 1-20 iyun kunlari bo‘lib o‘tadi. Kirish imtihonlari iyul oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

 Prezident maktabi va ixtisoslashtirilgan maktablarga qancha o‘quvchi qabul qilinadi?

Joriy yilda Samarqand shahar Prezident maktabining 5-sinfiga belgilangan yillik qabul kvotasi doirasida 24 nafar hamda ixtisoslashtirilgan maktablarning 5-sinfi (aniq fanlar yo‘nalishi)ga va 7-sinfi (tabiiy fanlar yo‘nalishi)ga 1032 nafar o‘quvchi qabul qilinadi. Bundan tashqari, viloyatdagi 14 ta ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarning 313 ta bo‘sh o‘rinlarini o‘quvchilar bilan to‘ldirish maqsadida qabul e’lon qilindi.

Tizimdagi maktablarga o‘quvchilarning ota-onalari yoki qonuniy vakillari tomonidan hujjatlar onlayn shaklda agentlikning rasmiy ariza.piima.uz veb-sayti orqali qabul qilinadi.

Hujjat topshirish jarayonida ularga ixtiyoriy ravishda o‘z hududidagi ixtisoslashtirilgan maktablardan birini qo‘shimcha tanlash imkoniyati beriladi.

Bunda, Prezident maktabi kirish imtihonining 2-bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etib, o‘qishga kira olmagan o‘quvchilar hududdagi o‘zi tanlagan ixtisoslashtirilgan maktabga belgilangan kvota doirasida, to‘plagan ballari ketma-ketligi bo‘yicha imtihonsiz qabul qilinadi.

Shuningdek, ro‘yxati agentlik tomonidan tasdiqlanadigan xalqaro, mintaqaviy yoki asosiy fan olimpiadalarining uchinchi (viloyat) bosqichi yoki unga tenglashtirilgan bosqichida matematika, informatika, fizika, kimyo, biologiya fanlaridan g‘olib va sovrindor bo‘lib, 1-, 2-, 3-o‘rinlarni egallagan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va boshlang‘ich professional ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari o‘zi ta’lim oladigan hududdagi ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul kvotasi doirasida kirish imtihonisiz qabul qilinadi.

4-sinfni tamomlagan o‘quvchilar bir vaqtning o‘zida hududidagi Prezident maktabi, ixtisoslashtirilgan maktab va Toshkent shahridagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 5-sinfiga hujjat topshirishlari mumkin. Shuningdek, 6-sinfni tamomlagan o‘quvchilar hududidagi ixtisoslashtirilgan maktab yoki maktab-internatining tabiiy fanlar yo‘nalishiga, Mirzo Ulug‘bek nomidagi yoki Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 7-sinfiga ham alohida hujjat topshirishlari mumkin.

Joriy o‘quv yilida viloyatimizda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning filiali tashkil etildi. Ushbu maktabga 2024-2025 o‘quv yili uchun faqat shu hududda istiqomat qiluvchi talabgorlarning hujjatlari qabul qilinadi.

 Prezident maktablariga kimlar hujjat topshira oladi?

Prezident maktablariga umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining
4-sinf bitiruvchilari orasidan qobiliyatli va iqtidorli, baholar tabeli asosida matematika va tabiatshunoslik fanlaridan o‘quv yilini a’lo, ya’ni 5 baholarga tamomlagan o‘quvchilarning hujjatlari qabul qilinadi.

Ijod, ixtisoslashtirilgan maktablarga hujjat topshirish jarayonida baholar tabelida a’lo baholarning bo‘lishi talab etilmaydi.

Imtihonlar necha bosqichda va qaysi fanlardan bo‘ladi?

Prezident maktablarining kirish imtihonlari ikki bosqichda bo‘lib, birinchi bosqichda matematika fanidan 30 ta test topshiradi. Birinchi bosqich natijasiga ko‘ra, maksimal ball to‘plagan o‘quvchilarga ikkinchi bosqichda ishtirok etishga ruxsat etiladi. Ikkinchi bosqich tanqidiy fikrlash va muammoni yechish sharti bo‘yicha 40 ta, ingliz tili fanidan 40 ta test shaklida o‘tkaziladi.

Ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlari yo‘nalishlar bo‘yicha bir bosqichda bo‘lib, aniq fanlar yo‘nalishiga matematika va ingliz tili fanlaridan, tabiiy fanlar yo‘nalishiga tabiiy fanlar (science) va ingliz tili fanlaridan test shaklida o‘tkaziladi.

 Natijalar qachon e’lon qilinadi?

Prezident maktablarida birinchi bosqichda imtihon topshirilgan kundan keyin 20 kun ichida, ikkinchi bosqichda imtihon topshirilgan kundan keyin 30 kun ichida, ijod, ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarida imtihon topshirilgan kundan keyin 20 kun ichida agentlikning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

 Savollarga “Murojaatlar markazi” (call-center) javob beradi

Bu borada o‘quvchilar va ularning ota-onalarini qiziqtirgan savollarga javob berish uchun agentlik tizimidagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda hamda hududlardagi barcha Prezident maktablarida har kuni soat 9:00 dan 19:00 gacha ishlaydigan “Murojaatlar markazi” (call-center) faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Fuqarolar murojaatlar markazi bilan 1206 qisqa raqami orqali bog‘lanishlari mumkin. Bundan tashqari, ota-onalarga qulaylik yaratish maqsadida agentlik tizimidagi barcha maktablarda malakali mutaxassislardan iborat shtab tashkil etilgan bo‘lib, ushbu shtablarga murojaat qilgan ota-onalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishadi hamda farzandining hujjatlarini onlayn shaklda jo‘natib berishga ko‘maklashadi.

Xurshida Ernazarova yozib oldi.