Prezident ishtirokidagi yig‘ilishda sanoat sohasida xom ashyo tashqi bozordagidan qimmat ekani tanqid qilindi
Sanoat zonalari infratuzilmasiga bu yilda 1,2 trillion so‘m ajratildi. Lekin, Qashqadaryo, Samarqand va Xorazm viloyatlarida mablag‘larning 40 foizini ham o‘zlashtirilmagan.
Mutasaddilar va viloyat hokimlariga haligacha infratuzilma olib borilmagan sanoat zonalariga shaxsan borib, ishlarni oxiriga yetkazish topshirildi.
Oxirgi 6 oyda hamkor davlatlar bozorlariga maishiy texnika eksporti – 3 barobar, transformator – 3,6 barobar, tibbiy buyumlar – 9 barobar, trikotaj mato – 2 barobar oshdi.
Agar mis, PVX, metall, polipropilen xom ashyolarini ko‘proq olish imkoniyati yaratilsa, tadbirkorlarimiz eksportni bir necha barobar oshirishi mumkin.
Lekin mas’ul vazirliklar bu masalalar bilan shug‘ullanmayotgani tanqid qilindi.
Misol uchun, gilam mahsulotlari ishlab chiqarish uchun yiliga 70 ming tonna polipropilenga talab bor. Biroq, birjaga 2 barobar kam polipropilen qo‘yilmoqda. Natijada narx 30 foizga oshib, tonnasi 1 ming 800 dollarga ko‘tarilgan.
Xuddi shunday, mebelchilikda ishlatiladigan formalin ichki bozorda 260 dollardan sotilayapti (raqobatchi bozorlarga nisbatan 60 dollarga qimmat).
Yaratilgan sharoitlar va mablag‘ borligiga qaramasdan, mas’ul vazirliklar va mutasaddilar bu muammolar bilan shug‘ullanmayotgani tanqid qilindi.
1 dekabrgacha ishlab chiqaruvchi va treyderlar bilan ishlab, yetishmayotgan xom ashyoni chetdan olib kelish hisobiga zaxira yaratish va grafik asosida uni birjaga qo‘yish topshirildi.