Prezident kortejidagi avtomobil ishtirokida "avariya" haqidagi xabarlar rad etildi
Bugun, 3 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Prezident tashrifi vaqtida ko‘cha supurayotgan ayolni hokimlik mashinasi urib ketdi. Ayol ikki kundan buyon komada” sarlavhasi ostidagi xabar tarqaldi.
Aniqlanishicha, 2021 yilning 1 iyun kuni soat 07:30 larda haydovchi E.B. o‘z boshqaruvida bo‘lgan “Kaptiva” rusumli avtomobilni Termiz shahri, “Shodlik” mahallasidagi Amir Temur ko‘chasi bo‘ylab boshqarib kelib, ushbu ko‘chaning “Barkamol avlod” markaziy ko‘chasi bilan kesishgan chorrahasidan o‘tayotgan vaqtda unga nisbatan chap tomondan o‘ng tomonga qarab piyodalar yo‘lakchasidan velosipedda ketayotgan P.R.ni avtomashinasining old qismi bilan turtib yuborgan. Oqibatda fuqaro P.R. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Termiz filialidagi jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.
Yo‘l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi xabar berishicha, holat yuzasidan Termiz shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Surishtiruv davomida aniqlanishicha, mazkur transport vositasi davlat rahbarining Surxondaryo viloyatiga tashrifi jarayonida tashkil etilgan kortej avtomobillariga aloqasi yo‘q. Bundan tashqari, Amir Temur va "Barkamol avlod" ko‘chalarining kesishmasida kortej harakatlanmagan.