Prezident murojaatnomasi: Tadbirkorlik kodeksini qabul qilish – hayotiy zarurat
Jamiyat mavjud ekan, uni rivojlantirish uchun har bir sohada islohotlarni amalga oshirish va ularni hayotga tatbiq etish har doim ham ustuvor masalalardan biri hisoblanadi. Huquqiy islohotlar esa islohotlarning yadrosini tashkil etadi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki jamiyatdagi mavjud har bir sohani isloh qilish, rivojlantirish uchun avvalo, uning huquqiy asosi yaratiladi. Bugungi kunda ham amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlarning natijasi qonunchilikni takomillashtirishga va liberallashtirishga qaratilmoqda.
Hech birimizga sir emas, so‘nggi yillarda davlat rahbarining Parlamentga Murojaatnomasi urfga aylanib bormoqda. Mazkur murojaat nafaqat Oliy majlisga, balki butun xalqqa yo‘llanmoqda. Zero, islohot islohot uchun emas, islohot inson uchun. Shunday ekan, kecha davlatimiz rahbarining Parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida avvalo, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish birlamchi ahamiyat kasb etdi. Tadbirkorlik sub’yektlari ham garchi, his-tuyg‘ularga ega bo‘lmasa-da, huquqda shaxs, ya’ni yuridik shaxs deb yuritiladi. Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqiy himoyasi ham qaysidir ma’noda inson huquqlarini himoya qilishdir.
Ma’lumki, tadbirkorlik sub’yektlarining mavjudligi barcha makon va zamonda ham davlat va jamiyatning rivojlanishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Statistik ma’lumotlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, mamlakatimizda 2020 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, 400 mingga yaqin kichik biznes va tadbirkorlik sub’yektlari mavjud bo‘lib, bu aholi soniga nisbatan har 84 nafar fuqaroga bitta tadbirkorlik subekti to‘g‘ri keladi.
Taqqoslash uchun bir qancha rivojlangan mamlakatlardan statistik ma’lumotlarni keltirib o‘tamiz:
1,5 milliardga yaqin aholisi bor Xitoyda har 23 nafar fuqaroga;
147 million nafar aholisi bor Rossiyada har 18 nafar fuqaroga;
512 million aholi istiqomat qiluvchi Yevropa Ittifoqida har 17 nafar fuqaroga;
327 million nafar aholisi bor AQShda har 9 nafar fuqaroga bittadan tadbirkorlik sub’yekti to‘g‘ri keladi.
Yuqoridagi ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, tadbirkorlik sub’yektlarini rivojlantirish bu mamlakatni rivojlangan mamlakatlar qatoriga kirituvchi omillardan biridir. Mazkur natijaga erishish uchun esa avvalo, sohaga oid qonunchilik bazasini yetarli darajada takomillashtirish va liberallashtirish lozim.
Ta’kidlash joizki, roman-german huquq tizimining asosiy belgisi bo‘lgan “kodifikatsiyalashtirish”, ya’ni qonun hujjatlarini to‘plab, yaxlit kodeks qabul qilish sohadagi muhim qadam bo‘ladi. Prezidentimiz ham kecha Murojaatnomasida Tadbirkorlik kodeksini qabul qilishni taklif qildi. Bu esa yuqoridagi fikrlarimizning yorqin dalili bo‘ldi desak, xato bo‘lmaydi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari o‘z nutqida sohaga oid 5000 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlarni qayta xatlovdan o‘tkazish va tizimlashtirish taklifini ham ilgari surdi. Bu huquqni qo‘llashda turli xil kolliziyalarning, ya’ni qarama-qarshiliklarning oldini oladi.
Bundan tashqari, Tadbirkorlik kodeksining qabul qilinishi tadbirkorlar bilan bir qatorda mansabdor shaxslarga ham bir qator yengilliklar yaratadi. Xususan, tadbirkorlik sohasiga oid murojaat kelib tushganda mansabdor shaxs, yuqorida aytib o‘tganimizdek, 5 mingga yaqin normativ-huquqiy hujjatlarni ko‘zdan kechirib, birinchidan, jismoniy qiyinchilikni keltirib chiqarsa, ikkinchidan murojaatga belgilangan muddatda javob berish masalasini ham so‘roq ostida qoldiradi.
Bir so‘z bilan aytganda, mazkur kodeksni qabul qilishni, faqatgina davlat rahbari yoki tadbirkorlar xohlayotgani yo‘q. Buni zamonning o‘zi taqozo qilmoqda.
Ulfat ShONAZAROV,
Toshkent davlat yuridik universiteti Ixtisoslashtirilgan filiali o‘qituvchisi.