Prezident qiyinchilikka duch kelayotgan oilalarni qo‘llab-quvvatlashga ko‘rsatma berdi. Samarqandda kambag‘al oilalar soni 48 mingta
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida mamlakatimizda karantin talablarini hushyorlikni oshirgan holda yanada yumshatish, iqtisodiyot tarmoqlarini bosqichma-bosqich ishlatish, aholi bandligi va daromadlarini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan 13 may kuni videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Videoselektor yig‘ilishida karantin choralarini yumshatish, iqtisodiyot korxonalarini qayta tiklash borasidagi ishlar bu safar Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari misolida ko‘rib chiqildi.
Mazkur ikki viloyatda mamlakatimiz aholisining qariyb 20 foizi istiqomat qiladi, sanoat mahsulotlarining 11 foizi ishlab chiqariladi.
So‘nggi ikki haftada karantin talablari yumshatilishi natijasida Qashqadaryo viloyatida 90 foiz, Samarqand viloyatida 60 foiz korxonalar o‘z faoliyatini tikladi. Lekin aholini daromad bilan ta’minlash uchun bu yetarli emas.
Kambag‘al oilalar soni Qashqadaryoda 91 mingta, Samarqandda esa 48 mingtani tashkil etadi. Bu viloyatlarning har birida yuz mingdan ortiq ishsizlar bor.
Davlatimiz rahbari qiyinchilikka duch kelayotgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularni ish bilan ta’minlash hudud rahbarlarining eng ustuvor vazifasi bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.
Qashqadaryo viloyatida sanoat ishlab chiqarish hajmining 75 foizi respublikaga bo‘ysunadigan korxonalarga to‘g‘ri keladi. Kasbi, Qamashi, Mirishkor, Nishon va Chiroqchi tumanlarida sanoat deyarli yo‘q.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga viloyat hokimligi bilan birgalikda mazkur tumanlarda sanoatni rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Viloyatda yetishtiriladigan paxta tolasining atigi 42 foizi qayta ishlanishi qayd etilib, yangi tikuv-trikotaj korxonalari tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, oltingugurt, marganets, ferro-silitsiy, gips, dolomit va boshqa xomashyo zaxiralaridan talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.