Prezident: Tadbirkor bir oyda 10-20 ta oilaga ko‘maklashishi, muhtoj oilalar a’zolarini ishga jalb qilishi mumkin

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 aprel kuni sanoat, qurilish va infratuzilma tarmoqlari korxonalarining to‘liq ishlashini ta’minlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.

Prezident xalqimizning tarixiy va ma’naviy qadriyatlarini, mehr-saxovat, oqibat va himmat kabi yuksak fazilatlarini inobatga olgan holda, “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatini yo‘lga qo‘yish tashabbusini ilgari surdi.

– Yaqin kunlarda barchamiz uchun muqaddas bo‘lgan Ramazon oyi kirib keladi. Bu oyda ehtiyojmand va muhtoj oilalarga yordam ko‘rsatish ham qarz, ham farzdir. Shuning uchun ushbu muqaddas oyda har bir tadbirkor o‘zi faoliyat yuritayotgan hududda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini, avvalo mahalladoshlari, qo‘ni-qo‘shnilarini faol qo‘llab-quvvatlashi maqsadga muvofiq, – dedi davlatimiz rahbari.

Buning natijasida Ramazon oyida amalga oshiriladigan ehson va xayriyalar manzilli bo‘ladi, iftorliklarga sarflanadigan mablag‘lar va oziq-ovqat mahsulotlari aholining kam ta’minlangan qatlamlariga yo‘naltiriladi.

Imkoniyatidan kelib chiqib, qaysidir tadbirkor bir oyda, misol uchun, 10 ta, boshqa biri esa 20 ta oilaga ko‘maklashishi, eng muhimi muhtoj oilalar a’zolarini ishga jalb qilishi mumkin. Davlat tomonidan o‘z navbatida bunday tadbirkorlarga soliq, lizing, kredit to‘lovlari, zarur resurslar bilan ta’minlash bo‘yicha turli imtiyoz va preferensiyalar beriladi. Ya’ni, bu aholiga davlat tomonidan tadbirkorlik sub’yektlari orqali ko‘rsatiladigan saxovat va ko‘mak bo‘ladi.

Bu jarayonda yirik korxonalar, ularning joylardagi tarkibiy bo‘linmalari, fermerlar va klaster xo‘jaliklari ham ixtiyoriy qatnashishi muhim ekanligi ta’kidlandi.

Ushbu tashabbus Savdo-sanoat palatasining joylardagi bo‘limlari, banklar, ijtimoiy muhofaza idoralari hamkorligida amalga oshirilishi belgilandi.

“Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati davlatimiz va xalqimiz qudratining amaliy namoyoniga aylanishiga ishonaman, - dedi Prezident.