Prezidentdan so‘raganlarim
Davlatimiz rahbari joriy yilning 11 yanvar kuni viloyatimizga tashrif buyurib, tuman va shaharlarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, hayotga tatbiq etilayotgan loyihalar bilan tanishdi. Shu kuni xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi ham o‘tkazildi. Videoselektor tarzidagi majlisda Urgut tumanidan qatnashdim.
Davlatimiz rahbari viloyatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ma’ruzasidan so‘ng, an’anaga ko‘ra, tuman, shahar studiyalariga murojaat qilib, kimda qanday masala borligini so‘radi. Shunda men ham so‘zga chiqib, urgutliklarni o‘ylantirib kelayotgan uchta muammoni aytdim. Ya’ni, Urgutning aholisi ko‘pligi va zich joylashganini inobatga olib tumanimizda ko‘p qavatli uylar qurilishida, shuningdek, yerlarimizni sug‘orish uchun foydalaniladigan nasos stansiyalarini ta’mirlashda davlat tomonidan yordam berilishini so‘radim.
Davlatimiz rahbari ertagayoq mutaxassislar borib, masalani o‘rganishi va albatta yordam ko‘rsatilishini bildirdi.
Haqiqatdan ham 12 yanvar kuni mutasaddi vazirlik va idoralardan mutaxassislar kelib, uchta masala bo‘yicha ham ma’lumot to‘pladi, hokimlik rahbariyati, fermerlar, aholi bilan suhbatlashdi va muammolar hal etilishini aytishgan edi.
Kuni kecha Prezidentimiz tashrifi yakunlari va sessiya bo‘yicha yig‘ilish bayoni bilan tanishdim. Unda joriy yilda bizning tumanimizda ham ipoteka krediti asosida ko‘p qavatli arzon uy-joylar qurilishi belgilanganini o‘qidim.
Bundan tashqari yig‘ilish bayonida shu yilning 1 iyunigacha “Uch qahramon” nasos stansiyasiga 2 ta “18 NDS” rusumli nasos hamda 2 ta 250 kVt quvvatli elektr dvigatel va boshqaruv shkaflari yetkazib berish, stansiyani kerakli miqdorda elektr energiyasi bilan ta’minlash, “Yangi Urgut” nasos stansiyasi kanalini ta’mirlash vazifasi belgilangan ekan.
Bu xalqparvar Prezidentimizning har bir fuqaroning dardu tashvishlari, taklif va tashabbuslarini tinglashi, ularga alohida e’tibor qaratishining yana bir dalilidir.
Barno MAMADALIYEVA,
Urgut tumanidagi “Yangiariq” agrofirmasi rahbari.