«Prezidentga va’da berdim»
Kubaro Hakimova 2002 yil Samarqand shahrida tug‘ilgan. 2018 yildan buyon para yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi. «Xanchjou-2022» Para Osiyo o‘yinlarida oltin hamda 2023 yil Parijda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida kumush medalga sazovor bo‘lgan.
Kubaro yaqinda Fransiya poytaxti Parij shahrida o‘tkazilgan XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlarida para yengil atletika bo‘yicha ayollar o‘rtasida F41 klassida yadro uloqtirish bo‘yicha 10,36 metr natija qayd etib, kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan kumush medalni qo‘lga kiritgan sportchilarga 100 ming AQSh dollari, "BYD Song Plus EV Champion" avtomobili va kvartira berildi.
Musobaqadan so‘ng viloyat hokimligi mas’ullari va jamoatchilik vakillari Kubaro Hakimovani Samarqandda tantanali kutib oldi. Prezident sovg‘asi – "BYD Song Plus EV Champion" avtomashinasida kelgan chempionni o‘zi tug‘ilib o‘sgan ko‘hna kentda yurtdoshlarimiz olqishlar bilan kuzatdi. Kubaroning oila a’zolari, ustozlariga viloyat hokimining tashakkurnomasi va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.
“Parij shahrida bo‘lib o‘tgan XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlarida yuksak natijalarga erishgan sportchi va murabbiylardan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga ko‘ra, Kubaro Hakimova «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi» faxriy unvoni bilan ham taqdirlandi.
- Yoshligimdan sportga qiziqaman, - deydi Kubaro Hakimova. – Bundan oldin besh yil dzyudo bilan shug‘ullanganman. Keyinchalik yengil atletikaga qiziqishim oshdi va mamlakat chempionatlarida, nufuzli musobaqalarda faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritib, terma jamoaga qabul qilindim. O‘tgan yil Parijda o‘tkazilgan jahon chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritganimda, Paralimpiya o‘yinlarida oltin medal olishni niyat qilgandim. Lekin Parijdagi musobaqalar oson bo‘lmadi, chunki raqiblarim orasida Osiyo, jahon chempionati va olimpiada ishtirokchilari bor edi. Shunga qaramay, kumush medalga sazovor bo‘ldim. Bu – faoliyatimdagi eng katta yutuqlarimdan biri. Buning uchun meni qo‘llab-quvvatlab turgan ota-onamga, xalqimizga rahmat.
Bildirilgan ishonchni oqlab, yurtimizga yorug‘ yuz bilan qaytdim. Ayniqsa, bu natijam Prezident tomonidan e’tirof etilgani, ya’ni «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi» faxriy unvonining berilishi menga shijoat, kuch-g‘ayrat bag‘ishladi.
Prezidentimiz qo‘llaridan bunday yuksak mukofotni olar ekanman, kelgusida Paralimpiya o‘yinlarida, Osiyo va jahon chempionatlarida oltin medalni qo‘lga kiritib, jahon arenalarida yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishga va’da berdim.
Fazliddin Ro‘ziboyev.