Prezidentimiz kuyib yonayotgan bir paytda biz nima qilyapmiz?
Ana shu uxlamaydigan, xalqparvar, adolatli, bir so‘zli, cho‘rtkesar odam bugunda amaldagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevdir.
Bu inson bugunda uxlagani yo‘q, xalq dardi, tashvishi bilan kuyib, yonmoqda. Xalqim baxtli bo‘lsin, deya tinim bilgani yo‘q. Viloyatlarga, tumanlarga, kerak bo‘lsa qishloqma-qishloq, uyma-uy yurmoqda.
Prezidentimiz shunday xayrli ishlarni amalga oshirib, adashganlarni kechirib, «Xalqim farovon yashasin, xalq rozi bo‘lsin», deya kuyib yonayotgan bir paytda biz nima qilyapmiz? Biz Prezidentimiz uchun nima qildik? Birimiz borib diniy ekstremistik guruhlarga qo‘shilamiz, birimiz odam savdosi, birimiz narkotik moddalar savdosi bilan shug‘ullanamiz, birimiz jinoyat qilamiz, qonunlarda belgilanmagan ishlarni amalga oshiramiz. Shumi bizning Prezidentimizga yordamimiz? Prezidentimizni shunday qo‘llab-quvvatlaymizmi?
Qaysi soha qoldi Prezidentimiz ichiga kirmagan? Nega tashabbus faqat Prezidentimizdan chiqadi? Nega biz Prezidentimizga tashabbus bilan chiqmaymiz? Prezidentimizga siyosiy maydonlardagi tashvishlar yetmaydimi?
Yurtimizda qanchadan-qancha teleradiokanallar bor. Qancha gazeta va jurnallarimiz chop etilmoqda. Chet el ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston Prezidentining siyosiy va boshqa jarayonlarda amalga oshirayotgan ishlarini bot-bot maqtayotgan bir paytda nega O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari “Mening Prezidentim”, “Bizning Prezidentimiz”, degan mavzularda ko‘rsatuv va eshittirishlar tayyorlamaydi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning turli lavozimlarda ishlagan davrlarida oddiy insonlarga qilgan kutilmagan yaxshiliklarini ko‘rsatib bermaydi.
Ulug‘ bayram - O‘zbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining 27 yilligi bayrami arafasida aytmoqchimanki, haqiqatga tik qarab, o‘zbek degan nomga mos bo‘lib, o‘zimizga savol va maqsad qo‘yaylik: «Qani, ayting, nima qildik Vatan uchun, nima qildik Prezidentimiz uchun?»
Vatanga sadoqat, qonunlarga itoat etgan holda har on, har daqiqa Prezidentimizni qo‘llab-quvvatlaylik.
Anvar YuSUFOV,
Qo‘shrabot tumani.