Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili bulung‘urlik saylovchilar bilan uchrashdi
Bulung‘ur tumanida “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Bahrom Abduhalimovning Samarqand viloyatidagi ishonchli vakili, partiyaning Samarqand viloyat kengashi raisi Muhiba Bobobekova bulung‘urlik fuqarolar bilan uchrashib, ular bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuvda dastlab ishonchli vakil nomzodning tarjimai holi va saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi.
To‘planganlar nomzodning saylovoldi dasturidan o‘rin olgan maktabgacha ta’limga bolalarni 2 yoshdan qabul qilish, maktabgacha ta’limni to‘liq bepul qilishni yo‘lga qo‘yish, Maktabgacha ta’lim, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklarini yagona – Ta’lim vazirligiga aylantirish, a’lo baholar bilan o‘qigan iqtidorli, kamxarj yoshlarni davlat hisobidan oliy ta’lim olishini kafolatlash, sifatsiz mahsulot chiqarish hamda narx-navolarni sun’iy ko‘tarish uchun kuchaytirilgan jazo choralarini qo‘llash, “Oziq-ovqat xavfsizligi – 2030” dasturini joriy etish, xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, mehnat sharoitlarini yaxshilash, qishloq joylardagi qizlarni oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka keng jalb etish masalalarini qo‘llab-quvvatladilar.
Targ‘ibot tadbirida mahalliy kengash deputatlari, partiya faollari, ta’lim sohasi vakillari hamda partiyaning faol yoshlari so‘z olib, nomzodning saylovoldi dasturi haqida o‘zlarining fikr-mulohazalarini bildirdi. Ular ham “Adolat - hayotimizning bosh mezoni” deb nomlangan saylovoldi dasturda ta’limning barcha yo‘nalishlari, bu maktabgacha, umumiy o‘rta ta’lim, oliy ta’lim, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot, sud-huquq tizimi, ilm-fan, xalqaro munosabatlar yuzasidan ko‘tarib chiqilayotgan aniq takliflar xalqimizning turmush farovonligini oshirishda, qulayliklar yaratilishida xizmat qilishini ta’kidlab o‘tdilar.
Aziz Hayitov,
“Adolat” SDP Samarqand viloyati Kengashi bosh mutaxassisi.