Prezidentning Farg‘ona viloyatiga tashrifi boshlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari hamda avval berilgan topshiriqlar ijrosi bilan tanishish maqsadida 6 may kuni Farg‘ona viloyatiga keldi.
Mamlakatimizning izchil taraqqiyoti, inson manfaatlari yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaralari Farg‘ona viloyatida ham o‘z ifodasini topmoqda. Viloyat ahli sanoat, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi, qurilish, xizmat ko‘rsatish sohalarida fidokorona mehnat qilib, Vatanimizni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishga munosib hissa qo‘shmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 12-13 iyun kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha muhim vazifalarni belgilab bergan edi. O‘tgan davr mobaynida mazkur masalalarning ijrosiga alohida e’tibor qaratildi.
Viloyat iqtisodiyotiga o‘tgan yilda 152,7 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb etildi. Joriy yilda Investitsiya dasturiga kirgan 13 ta hamda qo‘shimcha shakllantirilgan 30 ta loyihalar doirasida 315,7 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan. Birinchi chorak davomida 66,5 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi. Farg‘ona shahrida “Winchemical”, “Listem - Fergana” kabi qo‘shma korxonalar ishga tushirildi. 21 ta korxonada sanoat, servis va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi loyihalarni amalga oshirilishiga erishildi.
Viloyatda joriy yilda “Obod qishloq” dasturi asosida 31 ta qishloqda keng qamrovli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur hududlarda istiqomat qiluvchi 77 mingdan ziyod aholining turmush farovonligini yanada yaxshilash maqsadida aniq chora-tadbirlar belgilangan.
“Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi asosida o‘tgan davrda tijorat banklari tomonidan 286 nafar yosh tadbirkorning biznes loyihasi uchun 33 milliard 798 million so‘m imtiyozli kredit ajratildi. Tuman-shaharlardagi har bir sektorlarda 76 ta “Yoshlar mehnat guzari” tashkil etish uchun bino va yer maydonlari ajratilib, tashabbuskor tadbirkorlar jalb qilindi. Qo‘shtepa tumani va Quvasoy shahrida “Yosh tadbirkorlar” kovorking markazi bunyod etilmoqda. Shuningdek, joriy yilning o‘tgan davrida 29 nafar yosh tadbirkorlarga 7,5 milliard so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratildi.
Prezidentimizning navbatdagi tashrifi davomida ham viloyatni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator loyihalarning amalga oshirilishi, avvalgi tashrifda bergan topshiriqlarning ijrosi, aholining talab-ehtiyojlari bilan bevosita tanishish ko‘zda tutilgan.
M.Sulaymonov, O‘zA