Professor H.Musayev: OTM innovatsion va texnik g‘oyalar bilan fikr almashadigan muloqot markaziga aylanishi lozim

Oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlaridagi test savollarini tayyorlash usullarini ilg‘or xorijiy tajriba asosida qayta ko‘rib chiqish, xalqaro imtihon tizimlari (TOEFL, IELTS, CEFR, SAT General, SAT Subject va hokazo) sertifikatlariga ega bo‘lgan abituriyentlarga tegishli fanlardan belgilangan eng yuqori ball berish iqtidorli talabalarni tanlash uchun ta’limdagi yangilanishning muhim bosqichi sanaladi. Shuningdek, talabaning og‘zaki nut­qi va yozma bilimiga ham e’tibor qaratish va unga alohida ball berish lozim. Test markazida savollarni tuzishda va uni nazorat etishda har qaysi fan bo‘yicha yetuk mutaxassislar tanlanishi zarur. Test savollari oliy o‘quv dargohlarining tajribali professor-o‘qituvchilari muhokamasi asosida tasdiqlanishi ham foydadan xoli bo‘lmaydi. Bu jarayonda, albatta, og‘zaki va yozma nutqni aniqlovchi savollar hisobga olinishi shart.

Professor-o‘qituvchilar faoliyatini baholashning zamonaviy tizimini yaratishda ularning ilmiy darajasi va unvoni bilan birga, xalqaro, respublika miqyosida amalga oshirgan ilmiy ishlari hisobga olinishi, mehnati taqdirlanib borilishi ham muhim. Vaholanki, ko‘p oliy o‘quv yurtlarida bu masalaga deyarli e’tibor berilmaydi. Zero, o‘qituvchining qo‘llanma yoki darslik chop etishida hech kim homiylik qilmaydi.

Rosti, bugun mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli o‘zgarishlarda oliy ta’lim muassasalarining ishtiroki, tashabbuskorligi sezilmayapti. Bunda professor-o‘qituvchilar oldiga qo‘yilgan vazifalar mas’uliyatini kuchaytirish, olib borilayotgan tub islohotlarning mazmun-mohiyatini ommaviy axborot vositalari orqali xalqimizga, keng jamoatchilikka yetkazishni pedagoglar zimmasiga qat’iy yuklash, zarur bo‘lganda, ijodkor ustozlarni rag‘batlantirish kerak.

Yana bir muammo, oliy ta’lim muassasalari innovatsion va texnik g‘oyalar bilan fikr almashadigan muloqot markazlariga aylanmagan. Vaholanki, hozirgi davrda o‘zaro muloqotning o‘rni nihoyatda muhim.

Achinarlisi, oliy o‘quv yurtlari ta’lim tizimida o‘quv-o‘qitish ta’lim standartlari, ta’lim dasturlari deyarli har yil o‘zgaradi. Soatlar taqsimoti, fanlar o‘qitilishida ham farqlar bor. Ketma-ket tekshirishlar, komissiyalardan hech bir foyda yo‘q. Aksincha, davlat ta’lim standartlari va dasturlar 3-4 yilgacha o‘zgarmasligi lozim.