"Propan-metan zapravka"da yuz bergan yong‘in uch soatdan ortiq vaqtda bartaraf etildi
Joriy yilning 2 iyun kuni taxminan soat 11:37 da Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumani, Beruniy ko‘chasida joylashgan “Ikrom Aziz” MChJga qarashli universal (propan-metan-solyarka) yoqilg‘i quyish shahobchasida yong‘in sodir bo‘lgan.
Birlamchi ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in natijasida yer ustida joylashgan 25 tonnalik 2 ta sig‘im va 2 ta “ZIL-130” yoqilg‘i tashish avtomashinalari yongan. Bundan tashqari, ushbu sig‘imlar yonida 10 tonnalik 3 ta bo‘sh, taxminan 30-50 tonnalik 2 ta sig‘im joylashgan.
Mazkur holat yuzasidan voqea joyiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi favqulodda vaziyatlar boshqarmasining 6 ta yong‘in-qutqaruv guruhi yetib borgan.
Hozircha kelib chiqqan yong‘inning sababi yoqilg‘ini quyishda xavfsizlik qoidalariga rioya etmaslik, deb taxmin qilinmoqda.
FVV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yong‘in soat 14:05 to‘liq o‘chirilgan.
Jabrlangan va halok bo‘lgan fuqarolar to‘g‘risida xabar kelib tushmagan.