Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markaziga yangi rahbar tayinlandi

Kutubxonaga 27 yil davomida rahbarlik qilgan Shahodat Ahmedovani nafaqaga kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda qatnashgan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva Sh.Ahmedovaning soha rivojiga qo‘shgan hissasini e’tirof etdi.
Sh.Ahmedova umrining 44 yilini kutubxonachilikka bag‘ishladi. Uning rahbarligida Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi faoliyati zamon talablari darajasida tashkil etilib, unda milliy va xalqaro ahamiyatga molik ko‘plab loyihalar amalga oshirildi.
Tadbirda viloyat hokimligi tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari B.Rahmatullayev, viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i M.Ibodullayev so‘zga chiqib, kutubxonaning viloyatimiz yosh kadrlari salohiyatini oshirishdagi o‘rni, unda yaratilgan sharoit va imkoniyatlar haqida to‘xtaldi.
Shu vaqtgacha viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Zebiniso Shodiyeva viloyat hokimligi tavsiyasi asosida viloyat axborot-kutubxona markazi rahbarligiga tayinlanganligi ma’lum qilindi.
Asqar Barotov.