Putin va Bayden uchrashuv natijalarini sarhisob qilishdi

"Konstruktiv" va "ijobiy". Jenevadagi shaxsiy uchrashuviga bunday bahoni Rossiya va AQSh rahbarlari Vladimir Putin va Jo Bayden berishdi.
Muzokaralarda kutilganidek yutuq yuz bermadi. Shu bilan birga, prezidentlar ikki mamlakat poytaxtlariga elchilarni qaytarish va diplomatik aloqalardan tortib strategik barqarorlikka qadar bo‘lgan ko‘plab masalalar bo‘yicha muzokaralar boshlash to‘g‘risida kelishib olishdi.

"Baholarimiz ko‘p jihatdan farq qiladi. Ammo fikrimcha, ikkala tomon ham bir-birini tushunishga va o‘z pozitsiyalarini yaqinlashtirishga intilishdi. Suhbat juda konstruktiv tarzda o‘tdi", dedi Vladimir Putin.

Baydenning ta’kidlashicha, ko‘p vaqt kiberxavfsizlik masalalariga bag‘ishlandi. Oq uy egasining aytishicha, AQSh va Rossiya kiberfazoda qabul qilib bo‘lmaydigan xatti-harakatlarning aniq tamoyillarini ishlab chiqish niyatida.

Jo Bayden, AQSh Prezidenti:
"Men ushbu taklif haqida gapirgan edim, unga ko‘ra ba’zi muhim infratuzilma ob’yektlari kiberhujum va boshqa hujumlardan himoyalangan bo‘lishi kerak. Tamom! Adashmasam, gap AQSh aniqlagan 16 ta muhim ob’yektlar haqida ketyapti». Baydenning aniqlik kiritishicha, ushbu ro‘yxat energetika sohasidagi tashkilotlar bilan bir qatorda suv xo‘jaligini o‘z ichiga oladi.