Putinning «Azovstal»ga hujumni bekor qilishi, o‘rab olingan Mariupol va G20 yig‘ilishidagi hodisa: Donbass  atrofidagi so‘nggi voqealar

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan uchrashuvda Vladimir Putin Mariupoldagi «Azovstal» sanoat zonasiga hujumni o‘rinsiz deb atadi va uni bekor qilishni buyurdi. "Bu biz o‘ylashimiz kerak bo‘lgan vaziyat, ya’ni doim o‘ylashimiz kerak, xususan, bunda ko‘proq - askar va ofitserlarimiz hayoti va sog‘lig‘ini saqlash haqida. Bu katakombalarga tushish va yer ostidagi sanoat ob’yektlari bo‘ylab o‘rmalab yurishning hojati yo‘q", deya o‘z qarorini tushuntirdi Rossiya prezidenti.

Shuningdek, u qurolini tashlagan barcha ukrainalik askarlarga hayotini saqlab qolish va ularga munosib munosabatda bo‘lishga va’da berdi.

Hozir Mariupolda tinch aholini evakuatsiya qilish to‘xtatilgan. Shahar deyarli yengildi, ammo Ukraina qo‘shinlari taslim bo‘lishdan bosh tortmoqda.

 Rossiya Mudofaa vazirligi Mariupoldagi gumanitar operatsiya barbod bo‘lganini ma’lum qildi. Departament ma’lumotlariga ko‘ra, “Azovstal” kombinati hududidan aholini evakuatsiya qilishda yo‘lakdan foydalanilmagan. Avvalroq Ukraina bosh vaziri o‘rinbosari Irina Vereshchuk chorshanba kuni Mariupoldan gumanitar yo‘lak ish bermagani, evakuatsiya urinishlari davom etishini aytgandi.

 «Azov» polki qo‘mondoni o‘rinbosarining aytishicha, ukrainalik harbiylar “uchinchi davlatga yoki uning yordami bilan”gina evakuatsiyaga tayyor va bunda jangchilar shaxsiy o‘qotar qurollarini saqlashi kerak.

Zelenskiy Yevropa Kengashi prezidenti Charlz Mishel bilan uchrashuvdan so‘ng Ukraina Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishda “maksimal tezlik”ni rivojlantira olishini aytdi.

"Men vazminlik bilan qayd etishdan mamnunmanki, hamkorlarimiz ehtiyojlarimizni yaxshiroq tushuna boshladi. Bizga aniq nima va qachon kerakligini anglashdi. Haftalar, oylardan keyin emas, balki hoziroq, Rossiya hujumlarini kuchaytirishga urinayotganda bir paytda kerakligini..."

“Dunyo demokratik davlatlari Rossiyaning davom etayotgan agressiyasi va harbiy jinoyatlariga befarq qolmaydi”, dedi Kanada bosh vaziri o‘rinbosari, moliya vaziri Xristya Friland o‘zining Twitterdagi sahifasida.

Vashingtonda esa kecha, 20 aprelda bo‘lgan G20 yig‘ilishida rossiyalik delegatlar so‘z olgan paytda Buyuk Britaniya, AQSh, Kanada va Fransiya moliya vazirlari zalni tark etishgan.