Qabriston muqaddas joy. Unga e’tiborsizlik ajdodlar ruhiga hurmatsizlik sanaladi

Bunday sa’y-harakatlar xalqimizning yurt obodligiga munosib hissa qo‘shishi, yosh avlodning ajdodlar xotirasini yodga olib turishi, ularning ruhi oldidagi muqaddas burchini ado etishi, qadriyatlarimizga bo‘lgan hurmatining oshishiga xizmat qiladi.
Bu kabi xayrli ishlardan bugun Samarqand tumani aholisi ham chetda emas. Tuman obodonlashtirish boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, hududdagi 48 ta qabristonga 57 nafar qorovul hamda nazoratchilar biriktirilgan. Qadamjolar atrofini devor va temir panjaralar bilan o‘rash, hududni obodonlashtirish yumushlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Tumandagi Qaynama qishlog‘i qabristonidagi holat bilan tanishar ekanmiz, qadamjoni obodonlashtirish bo‘yicha ibratli ishlar amalga oshirilganining guvohi bo‘ldik. Yo‘laklarga did bilan beton plitalar terilgan, gulxonalar tashkil qilingan, shinam ayvon, qorovulxona bunyod etilgan.

– Ushbu qabriston Yuqori Qaynama hamda Quyi Qaynama mahallalariga qarashli, – deydi nazoratchi Hamza Qurbonov. – Har yili Navro‘z, Xotira va qadrlash kuni, Ramazon va Qurbon hayitlari arafasida mazkur mahallalar aholisi tomonidan hashar uyushtirilib, bu yerning obodligiga e’tibor qaratiladi. Ularning ko‘magida 450 metrdan ziyod yo‘laklarga beton plitalar yotqizildi, 100 tup ko‘p yillik gul, 200 tupdan ortiq manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi. 18-19 mart kunlari o‘tkaziladigan umumxalq hashari davomida qabristonning 5 gektardan ziyod maydonini tartibga keltirish, begona o‘tlardan tozalash, temir panjaralarning buzilgan qismlarini butlash bo‘yicha ishlarni belgilab oldik.

Ushbu hududga yaqin Mirishkor va Chaqqa mahallalari qabristonida Qaynamadagi holatning aksini ko‘rdik. Mirishkor mahallasi raisi va posbonining aytishiga qaraganda, qabriston yo‘laklari bundan 25-30 yil ilgari asfalt qilingan. Ammo shu davrgacha ularni ta’mirlash, yangi yo‘laklar tashkil etishga hafsala qilinmagan. Ariqlar ham yillar mobaynida tozalanmagan. Qadamjo hududidagi qadimiy, ming yillik muqaddas chinorlar qarovga muhtoj. Eski qabrlar yantoq, o‘tin-cho‘plardan tozalanmagan. Qachondir kesilgan daraxtlar kundalari olib tashlanmagan. Tahoratxona, qorovulxona sifatida qurilgan bino yem-xashak ombori, o‘tinxonaga aylantirilgan. Qabriston hududidagi eski masjid binosi qarovsiz holatda. Qabriston xizmatchisini topolmadik. Mirishkor mahallasi raisi Gulchehra Ro‘ziqulovadan esa holatga jo‘yali bir izoh ololmadik.

Ipakchi mahallasidagi ikki qabristonda ikki xil holat. Birining faoliyati 2008 yilda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, qadamjo yo‘l tarafdan 113 metr uzunlikda devor bilan o‘ralgan. Qolgan uch qismi ochiq turibdi. Qorovulxona, tobutxona qurish uchun beton poydevor quyilganini hisobga olmaganda bu yerda birorta bino yo‘q. Lekin yo‘laklarga beton plitalar yotqizilgan, manzarali daraxtlar ekilgan, qabrlar raqamlanib, tartib bilan joylashtirilgan.

Mahallaning eski Jafsar ota qabristoniga bugun sizot suvlarning ko‘tarilib ketgani bois mayit qo‘yilmayotgan bo‘lsa-da, qadamjo qarovsiz tashlab qo‘yilgan. Qabristonga boruvchi yo‘lga qarab bo‘lmaydi. Balchiq, loy va suv to‘plangan yo‘ldan texnika tugul piyoda ham o‘tishga qiynaladi. Qabristonning 1 gektarga yaqin maydoni chakalakzorga,  binolari xarobaga aylanish arafasida turibdi. Hududda bir vaqtlar ekilgan mevali daraxtlar olib tashlanmagan. O‘rindiq o‘rnatish, gul yoki daraxt ekish, yo‘lak qilishga e’tibor qaratilmagan. Qadamjo xizmatchisining gapiga qaraganda, u oylik olmaydi. Shu bois unda o‘z vazifasiga hafsalayam, mehr ham yo‘q ekan. 

Samarqand tumanidagi bir nechta qabristonlardagi holatni o‘rganish jarayonida ayrim mutasaddilar "Ishni endi boshlayapmiz. Yomg‘irli kunlar sabab ishlar orqaga cho‘zilyapti. Barchasi mablag‘ga bog‘liq" qabilida bahonalar qilishdi. Aslida qabriston faqat arafa, hayit va boshqa bayram kunlari emas, muntazam e’tiborda bo‘lishi lozim.
Xalqimizda "Tavba qilib qolay desang – masjidga, borar joyim bilay desang – mozorga bor", degan naql bor. Bu bejiz aytilmagan. Axir qabriston – muqaddas maskan. Yaqinlari ziyoratiga borgan insonlar, ayniqsa, yoshlar bu makonning obodligi marhumlar ruhiga hurmat ekanligini unutmasliklari kerak.

Abdug‘ofur ShERXOLOV,
Baxtiyor MUSTANOV (foto).